JONAJON O‘ZBEKISTONIM, MANGU BO‘L OMON!

2019-07-12 Ma`naviyat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarorini yurtdoshlarimiz katta xursandchilik bilan kutib olishdi. Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy sohalarida islohotlar kun sayin jadallashib, barcha jabhalarda ulkan yutuqlarga erishilmoqda. Shahar va tumanlar markazlari, eng chekka qishloqlardagi bunyodkorliklar, obodonlashtirishlar, aholiga xizmat ko‘rsatish tarmoqlarining tobora kengayib borayotganligi va inson manfaatlari yo‘lidagi ulug‘vor ezgu ishlar to‘g‘risida mamnunlik bilan dil izhorlarini bildirmoqdalar.

Eng ulug‘, eng aziz ayyomni ko‘tarinkilik bilan kutib olish, tashabbuslar va istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq qilgan holda fidoyi mehnat qilish kundalik shiorga aylanmoqda. Prezidentimizning qarorida ta’kidlanganidek, "Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!" degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib boriladi. Tahririyatga kelayotgan maktublarda ulug‘ ayyomga taraddud ko‘tarinki ruhda boshlab yuborilganligi alohida qayd etilmoqda.

      BUNYODKORLIKLAR, OBOD MANZILLAR QUVONCHI

Istiqlol sharofati bilan mamlakatimizda bunyodkorliklar, qurilish ishlari jadal sur’atlar bilan davom etmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda hududlarda ko‘p qavatli, namunali uylar, madaniyat muassasalari, savdo, aloqa,
maishiy xizmat ko‘rsatish binolarini shu kun talabi asosida
zamonaviy muhtasham qilib qurish jarayonlarida hamkasblarim bilan ishtirok etayotganligimdan behad xursandman. Bugun viloyat markazi va uning mahallalarida ko‘plab turar-joylarni qurishda faol ishtirok etmoqdamiz. Jumladan, Fayozov ko‘chasida biz qurgan ko‘p qavatli binolarda to‘ylar o‘tkazilib, eldoshlarimiz xursandchilik bilan umrguzaronlik qilmoqdalar. Uylar atroflarida gulzorlar, xiyobonlar barpo etilgani va o‘rindiqlarda nuroniy otaxon, onaxonlarimiz rayhon gullarini hidlab, mana shunday tinch-farovon kunlarga уetkazganiga shukronalar aytib, bir piyola ko‘k choy ustida, gurunglashayotganligini ko‘rib, quvonib ketaman.

Yangi qurilgan uylar atrofida bolalar maydonchalari taxt etilgan. Bu esa bolajonlarning yayrab-quvnab o‘ynashlari, bo‘sh vaqtlarida foydali mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishlari imkoniyatini bermoqda.

Prezidentimizning "O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarorida "Obod qishloq", "Obod mahalla" kabi dasturlar, rejalar doirasida olib borilayotgan tub islohotlarning ma’no-mazmuniga alohida e’tibor qaratish qayd etilgan.

Hamkasblarim bilan birga mustaqillik bayrami arafasida ham yangi muhtasham uylarni qurib, foydalanishga topshiramiz. Bayramni yutuqlar bilan kutib olamiz.

To‘ra POLVONOV,

O‘zbekiston Respublikasida
xizmat ko‘rsatgan quruvchi, xalq
deputatlari viloyat Kengashi deputati.


So'ngi yangiliklar