Sifatli mahsulot va yangi ish o‘rinlari

2019-05-28 Tadbirkorlik

Keyingi yillarda viloyatimizda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish tarmoqlari kengayib, eng chekka qishloqlarda ham yirik sanoat korxonalari qad rostlamoqda. Ularga sohaning eng zamonaviy texnologiyalari, dastgohlari o‘rnatilayapti. Qishloqlarda istiqomat qilayotgan yigit-qizlar ularni mahorat bilan boshqarmoqdalar.

Yaqinda Hazorasp tumanida yirik engil sanoat korxonasi o‘z faoliyatini boshladi.
"Hazorasp tekstil" mas’uliyati cheklangan jamiyati majmuasi ishga tushirilishi munosabati bilan bu erda tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimi F.Ermanov so‘zga chiqdi.

Endilikda, barcha hududlarda mahalliy mahsulotlarni qayta ishlashga ixtisoslashgan ko‘plab sanoat korxonalari qurilib, foydalanishga topshirilmoqda. Tayyorlangan mahsulotlar ichki bozorda o‘z o‘rnini topishi bilan birga xorijga ham eksport qilinmoqda. Bunday zamonaviy korxonalarning ishga tushirilishi aholi bandligini ham ta’minlaydi. Yoshlarning yangi mutaxassisliklar bo‘yicha bilim va tajribalarini oshirishga imkon beradi. Shubhasiz, yaqin kunlarda ushbu korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar o‘zining sifati va raqobatbardoshligi bilan iste’molchilarga manzur bo‘ladi.

"Hazorasp tekstil" mas’uliyati cheklangan jamiyati majmuasida Shveysariyaning "Riter mashin vorks LTD" kompaniyasining eng zamonaviy uskunalari o‘rnatilgan. Korxona yiliga 5 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Korxona rahbari Umidjon Muhammadjonovning qayd etishicha, ayni paytda korxonaning birinchi bosqichi ishga tushirilgan va kelasi yilning birinchi choragida ikkinchi va uchinchi bosqichlari ham faoliyat yurita boshlaydi. Ayni paytda bu erda 300 ga yaqin ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, kelgusi yilda ularning sonini 500 taga уetkazish ko‘zda tutilgan.

- Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarimiz ekologik jihatdan toza va sifatlidir. Shuningdek, sexlarga energiyatejamkor dastgohlarning o‘rnatilishi tayyorlanayotgan mahsulotlar tannarxining arzonlashishiga erishish imkonini beradi, - deydi korxona mutaxassisi Jahongir Sapaуev.

Mohira Eshchanova laboratoriya xonasi eng zamonaviy asbob-uskunalar, zarur jihozlar bilan ta’minlanganligi va bular mahsulotlarning sifatini aniqlashda qo‘l kelayotganligini mamnunlik bilan ta’kidlaydi.

Korxonada ishchi va xizmatchilarning samarali mehnat qilishlari hamda dam olishlari uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Oshxona, dam olish xonalari jamoa a’zolari ixtiyorida.

Hazorasp tumanida o‘z ishini boshlagan engil sanoat majmuasi kelgusida faoliyatini yanada kengaytirib, eksportbop mahsulotlar hajmini oshirish imkoniyatiga egadir. Bunday korxona ishga tushirilganligidan qishloq ahli, ayniqsa, yoshlar o‘z quvonchlarini mamnunlik bilan izhor etmoqdalar.

O‘z muxbirimiz.


So'ngi yangiliklar