YARATUVCHILIK, FAROVONLIK, TO‘KINLIK – SHIORIMIZ

2019-10-17 Voha bo`ylab

Dehqon – hayotning baquvvat ustuni

Yurtimizda ziroatkorlar eng sharafli kasb egalari, deya behad e’zozlanadi. Bu yuksak baho zamirida dehqonning qishin-yozin qiladigan qanchadan-qancha mehnat-u mashaqqatlari mujassam.

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy bobomiz esa "Olam ahlining to‘qligi, quvonchi, avvalo yerga urug‘ sochib, bebaho noz-ne’mat yetishtiradigan fidoyi insonlar mehnatidandir", deya mirishkor dehqonlar faoliyatiga yuksak baho berganlar.

Mehnatimiz, yaratuvchilik borasidagi faoliyatimizning bu tariqa e’tirof etilishi, e’zozlanishi ona zamin saxovati, gektarlar qaytimi, iqtisodiy samaradorlikni oshirish, bozorlarimiz mo‘l-ko‘lchiligini, dasturxonlar to‘kinligini ta’minlash yuzasidan zimmamizga g‘oyatda mas’uliyatli vazifalar yuklaydi.

Bu kabi vazifalarni bekamu ko‘st uddalash uchun yangichasiga ishlashimiz, agrar sohani isloh qilish, fermer xo‘jaliklarining ko‘p tarmoqlilik asosida rivojlantirilishini ta’minlash bo‘yicha boshlangan ibratli ishlarni izchil davom ettirishimiz, barcha jabhalarda mehnat unumdorligini oshirishimiz, "Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili" dasturi ko‘rsatmalari asosida fan yutuqlari, ilg‘orlar tajribasidan amaliy faoliyatimizda keng ko‘lamda foydalanishimiz lozim.

Biz shu yo‘ldan borib, birinchi navbatda, yerlarning har qarichidan unumli foydalanish, melioratsiya tadbirlarini agrotexnika qoidalariga muvofiq ravishda izchil o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratayotirmiz. Yerlarni zaxlardan xoli qilish, navbatlab chuqur haydash, o‘g‘itlash, ekinlarni almashlab, urug‘lik chigitni qo‘shqatorlab ekish, vegetatsiya davrida o‘simlikning bir maromda o‘sib-rivojlanishi, mo‘‘tadil hosil to‘plashini ta’minlash maqsadida unga sojian, entojan preparatlari bilan ishlov berish, maxsus purkagichlar vositasida bargidan oziqlantirish kabi agrotexnik omillarga alohida e’tibor qaratayotirmiz.

Ko‘rilayotgan shu va boshqa tadbirlar zamin saxovati xirmonlar barakasini oshirish, belgilangan reja-topshiriqlarni muvaffaqiyatli uddalash garovi bo‘lmoqda.

Ayni kunda ekinlar hosili o‘rim-yig‘im-terimi avjida. G‘alla, qulupnay, piyoz, sarimsoq piyoz va boshqa tur kuzgi ekinlarni ekish muvaffaqiyatli poyoniga yetkazilyapti.

Ammo bugun faqat erga ko‘z tikib, ziroatlarning pishib etilishini kutib o‘tirish bilan cheklanadigan palla emas. Jamiyatimiz shiddat bilan o‘sib rivojlanayotgan, chor-atrofimiz jadal o‘zgarayotgan ayni davrning o‘zi zimmamizga u bilan hamqadam bo‘lish, amaliy faoliyatimizni yangi sharoitlarga monand tashkil etishimizni taqozo etmoqda.

Bu, birinchi navbatda, zimmamizga xo‘jalikning ko‘p tarmoqlilik yo‘lidan borishini ta’minlash, dalalarda yetishtirilgan meva-sabzavot va boshqa tur mahsulotlarni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish asosida qishloqda sanoat negizlarini yaratish kabi ko‘lamdor vazifalarni yuklamoqda.

Biz shu talablarga amal qilgan holda yordamchi xo‘jaliklarni izchil rivojlantiryapmiz. Qishlog‘imiz markazida ko‘rkam guzar qurib, o‘nlab yigit-qizlarni kafolatli ish o‘rni bilan ta’minladik. Dala-bog‘larimizda etishtirilgan meva-sabzavotlarni saqlash uchun 150 tonnalik sig‘imga ega bo‘lgan sovitgichni barpo etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish tadbirlarini ko‘ryapmiz.

Shu tariqa ish olib borib, xo‘jaligimiz iqtisodiyotini mustahkamlab, eksport salohiyatini oshirib, yurtimizda mo‘l-ko‘lchilikni ta’minlashga baholi qudrat hissa qo‘shamiz.

I.SUVONOV,

Xonqa tumanidagi "Otaqul" fermer xo‘jaligi rahbari.


So'ngi yangiliklar