"MUSAVVIR"DA MAROQLI KUNLAR

2019-06-14 Voha bo`ylab

Viloyatimizda yozgi ta’til davrida 37 ta bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohi faoliyat ko‘rsatmoqda. Mavsum davomida ularda 20 mingdan ziyod o‘quvchi dam olib, sog‘liqlarini mustahkamlaydilar. Oromgohlarda bolalarning mazmunli-maroqli hordiq chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Buni Urganch shahridagi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Xorazm maxsus maktab-internatida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Ushbu yilda oromgohda 390 o‘quvchi dam oladi. Ayni paytda oromgohda birinchi bosqich davom etib, unda Urganch shahri, Urganch tumani va mazkur maktab-internatning o‘quvchilari yayrab, quvnab dam olmoqdalar.

- Oromgohimizda o‘quvchilarning har bir  kuni mazmunli o‘tishi uchun aniq rejalar belgilangan, - deydi oromgoh bosh tarbiyachisi Xadicha Yormatova. - Ayniqsa, tasviriy san’at bo‘yicha o‘tkazilayotgan to‘garak mashg‘ulotlariga o‘g‘il-qizlarning qiziqishi katta. Oromgohimizdagi kutubxonada bolajonlar sevimli adiblarining kitoblarini mutolaa qilishmoqda.

Oromgohda ertalabdanoq bolalarning yangroq, jarangdor ovozlarini eshitish mumkin. Oromgoh mas’ullari bolalarning har bir daqiqasi qiziqarli o‘tishi uchun astoydil harakat qilmoqdalar.

O‘z muxbirimiz.

X.XUDOYBERGANOV olgan suratlar.


So'ngi yangiliklar