QONUN HUJJATLARI KENG TARG‘IB QILINMOQDA

2019-10-24 Davlat dasturi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida qabul qilingan qonun hujjatlari bo‘yicha viloyatimizda tushuntirish-targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Viloyat hokimligida xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining deputatlari va viloyat faollari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida ma’qullangan qonunlar va muhokama etilgan boshqa masalalar yuzasidan qabul qilingan qarorlar mazmun-mohiyati targ‘ibotiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, deputatlar, boshqarma va tashkilotlarning rahbarlari, siyosiy partiyalar viloyat Kengashlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, viloyat hokimi F.Ermanov boshqarib bordi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiev ishtirok etdi va ma’ruza qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida 31 masala, jumladan, 19 ta qonun, Vazirlar Mahkamasiga tegishli 4 ta parlament so‘rovi ko‘rib chiqildi va Senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Oliy Majlis Senati agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi B.Tojiev qabul qilingan ushbu hujjatlar bo‘yicha keng tushuncha berdi.

Senatning yalpi majlisida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasining "Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili"da amalga oshirilishi belgilangan chora-tadbirlar dasturini hayotga tatbiq etishga yo‘naltirilgan O‘zbekiston Respublikasining "Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi, O‘zbekiston Respublikasining "Markaziy banki to‘g‘risida"gi, "Valyutani tartibga solish to‘g‘risida"gi, "To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida"gi, "Metsenatlik to‘g‘risida"gi, "Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida"gi kabi qator qonunlar ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda ana shu qonunlarning ahamiyati, mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, tadbirda joriy yilning 22 dekabrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlar hamda unga tayyorgarlik jarayonidagi tadbirlar, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga alohida to‘xtalindi.

Tadbirda Xorazm Ma’mun akademiyasi raisi I.Abdullayev, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh akusher-ginekolog S.Jumaniyozova, Xorazm viloyati axborot-kutubxona markazi direktori R.Qurbonov yig‘ilish kun tartibiga qo‘yilgan masalalar yuzasidan muzokaralarda so‘zga chiqdilar.

Ayni kunda Oliy Majlis Senatida qabul qilingan ushbu hujjatlar bo‘yicha joylarda deputatlar, faollar tomonidan tushuntirish- targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

O‘z muxbirimiz.


So'ngi yangiliklar