KUZ-QISH MAVSUMIGA PUXTA TARADDUD

2019-09-27 Voha bo`ylab

 Dolzarb mavzu

Kuz-qish mavsumi yaqinlashishi munosabati bilan viloyatimizda keng miqyosdagi tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.

Aholiga uy-joy kommunal xizmatlari ko‘rsatishni tubdan
yaxshilash, uy-joy fondi va ijtimoiy ob’ektlardan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish, moliyaviy-iqtisodiy barqarorligini ta’minlash borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.

Ayniqsa, qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlarga asosan qishki mavsum oldidan ko‘p xonadonli uylarni ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlash choralari ko‘rilayapti. Korxonamiz tomonidan ichimlik va oqava suv tarmoqlarini 2019-2020 yil
kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhi tuzildi. Ishchi guruhi tomonidan ichimlik suv tarmoqlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Ushbu ishlarni bajarish uchun mas’ul xodimlar biriktirildi.

Ko‘p qavatli uy-joy fondini mavsumga barqaror tayyorlash, ta’mirlash ishlarini sifatli bajarish, shirkatlar faoliyatini samarali tashkil etish hamda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha o‘tgan yil kuz-qish mavsumidagi kamchiliklar, aholidan tushgan murojaatlarni inobatga olgan holda, viloyatdagi mavjud 5543 km. ga teng bo‘lgan suv quvurlarining ahvoli qayta
xatlovdan o‘tkazilib, ayni paytdagi holati nazorat qilib chiqildi. Shuningdek, ko‘plab xonadonlar, uy-joy fondiga tegishli bo‘lgan suv ta’minoti tizimining ahvoli batafsil ko‘rikdan o‘tkazilib, sohaga oid kamchilik, nuqsonlar to‘liq o‘rganildi. O‘rganishlar natijasi atroflicha xulosa qilinib, suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi. Manzilli dasturlar va tarmoq jadvallari tuzilib, mutaxassislar o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni mas’uliyat bilan bajarmoqdalar.

Belgilangan chora-tadbirlarni bajarilishi bo‘yicha joriy yilda ichimlik suv tarmoqlarini mukammal ta’mirlash yuzasidan 7,9 km. tarmoq rejalashtirilib, amalda bu ko‘rsatkich 7, 64 km.ga bajarildi.

Kanalizatsiya kollektorlarini va tarmoqlarini yuvish bo‘yicha 28 km. tarmoq rejalashtirilib, bu ishlar amalda 105 foizga bajarildi.

Ishlar ko‘lamini tumanlar miqyosida oladigan bo‘lsak, mavjud 4844,72 km. ga teng tarmoqning 7,17 km. da kapital ta’mirlash zarur bo‘lib, shundan 6,9 km.ga teng suv tarmog‘i to‘la soz holatga keltirildi. Bu ko‘zlangan ish hajmining 96 foizi amalga oshirildi, deganidir.

Kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha 68 ta mashina va mexanizmlar texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, shay holatga keltirildi.

Bir so‘z bilan aytganda, "Tuyamo‘yin-Urganch" mintaqalararo suv quvurlaridan foydalanish unitar korxonasi tomonidan ishlab chiqarish korxonalari va boshqa ijtimoiy soha ob’ektlarida kuz-qish mavsumida suv tarmog‘i, issiqlik manbaida uzilishlar, talafotlar bo‘lmasligi uchun hozirdanoq aniq reja asosida tizimli ravishda ish olib borilmoqda. O‘z navbatida, kuz-qish mavsumida ob’ektlarning barqaror faoliyat yuritishi uchun barcha imkoniyat va resurslar ishga solinmoqda.

 D.SOBIROV,

"Tuyamo‘yin-Urganch" mintaqalararo suv quvurlaridan foydalanish Davlat unitar korxonasi direktori.


So'ngi yangiliklar