ENG MUNOSIBLAR SAYLANMOQDA

2019-05-03 Qaror va ijro

Mustaqillik yillarida mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyati har tomonlama takomillashib, ularda aholining ishtiroki yanada faollashdi. Prezidentimizning 2017 yil 3 fevralda qabul qilgan "Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari mavqeini yanada kuchaytirish, ularni joylarda xalqning chinakam ko‘makdoshiga aylantirish, hamjihatlik muhitini shakllantirishda, milliy an’ana va qadriyatlarimizni avaylash hamda rivojlantirishda mahallalarning nufuzini yanada oshirishda yangi istiqbollarni boshlab berdi.

Keyingi paytda fuqarolar yig‘inlari faoliyatini davr talabi asosida tashkil etish maqsadida amaliy ishlar izchil davom etmoqda.

Mahallalar hududlarida aholiga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida
guzarlar tashkil etilib, ularda aholiga savdo, maishiy, madaniy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etildi. Shuningdek, turar joylar atrofida ko‘plab gulzorlar, xiyobonlar, bog‘lar, sport maydonchalari, bolalar uchun o‘yingohlar barpo qilindi.

Prezidentimizning joriy yil 2 aprelda qabul qilgan "Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga binoan mahallalar raislarining oylik maoshlari oshirildi. Mahallaning jamiyatda tinchlik, totuvlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy urf-odat va qadriyatlarni asrab-avaylash, oilalar jipsligini ta’minlash, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, aholi kundalik muammolarini hal etishda xalqimizga eng yaqin ijtimoiy tuzilmaga aylanib borayotgani kundalik turmushimizda o‘z ifodasini topmoqda. Shuningdek, fuqarolar yig‘inlarining faollari uyma-uy yurib, aholi muammolarini aniqlab, Prezidentning xalq qabulxonalari va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar bilan hamkorlikni kuchaytirib, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilmoqdalar.

Bugungi kunda mahallalar faoliyatida barcha faol ishtirok qilmoqda. Ma’lumki, mahalladagi keng qirrali faoliyatni shu kun talabi darajasida namunali tarzda olib borishda fuqarolar yig‘ini raisining chuqur bilimi, hayotiy tajribasi hamda mahalladoshlari o‘rtasida obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lishi alohida ahamiyat kasb etadi.

Shu tufayli ham har bir fuqaro o‘zi istiqomat qilayotgan mahallaga ana
shunday har tomonlama yuksak fazilatga ega bo‘lgan, o‘zining fidoyi mehnati, jonkuyarligi bilan atrofdagilarga ibrat bo‘layotgan kishining rais bo‘lishini istaydi.

Joriy yilning 1 mayidan mamlakatimizda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi saylovi boshlandi. Ushbu muhim jarayonga viloyatimizda har tomonlama tayyorgarlik ko‘rildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati kengashining 2019 yil 15 fevraldagi "Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarori ijrosi yuzasidan viloyat, tuman, shaharlarda fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalar va ishchi guruhlari tuzildi. Aholining fikrini inobatga olgan holda mahalla raisligiga munosib nomzodlar shakllantirildi. Joriy yilning may oyida viloyatimizda 512 ta mahallada fuqarolar yig‘ini raisi saylovi o‘tkaziladi. Tayyorgarlik jarayonida saylovni namunali tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratildi. Saylov o‘tkazilishi belgilangan joylar maxsus ovoz berish kabinalari, quti va boshqa jihozlar bilan ta’minlandi.

Saylovning dastlabki kunlarida viloyatimizda 30 dan ortiq fuqarolar yig‘inida mahalla raislari saylovi o‘tkazilib, munosib nomzodlar saylandi.

Bu yilgi saylov avvalgilaridan nimasi bilan farq qiladi? O‘zbekiston Respublikasining yangi qabul qilingan "Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida"gi qonuniga muvofiq fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) endilikda ikki yarim yilga emas, uch yilga saylanishi belgilandi. SHu bilan
birga, rais yashirin ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi.

 Urganch shahridagi "Shodlik" mahallasida bo‘lib o‘tgan fuqarolar yig‘ini raisi saylovida vakillar ishtirok etishdi. Saylov belgilangan tartiblar asosida tashkil etilib, mahalla raisi yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylandi. "SHodlik" mahallasi fuqarolar yig‘ini raisi qilib, ayni paytga qadar ushbu mahallaga rahbarlik qilib kelayotgan Dilorom Otaeva rais qilib saylandi.

- Ertalabdanoq, mahallamizda fuqarolar yig‘ini raisi saylovi ko‘tarinki ruh bilan boshlandi. Saylovchilar o‘zlarining saylov huquqidan foydalanib, mahalla fuqarolar yig‘ini raisligiga munosib nomzod tanlash imkoniyatiga ega bo‘ldi, - deydi mehnat faxriysi Xushnud Bobojonov. - Endilikda, biz faxriylar ham rais atrofiga yanada jipslashib, mahallamizni obod bo‘lishida va belgilangan rejalarni izchil amalga oshirishda yaqindan yordam beramiz.

Shuningdek, Urganch shahridagi "Mustaqillik" mahallasi fuqarolar yig‘ini raisi saylovi ham belgilangan me’yorlar asosida bo‘lib o‘tdi. Mazkur mahalla viloyat markazida joylashgan bo‘lib, mahallada besh mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahallada ko‘p qavatli turar joylar katta ko‘pchilikni tashkil etib, keyingi paytda ularni ta’mirlash ishlari olib borildi. Ushbu muhim tadbirga tayyorgarlik jarayonida nomzodlar haqida saylovchilarga to‘laqonli ma’lumotlar berildi.

Saylovga kelgan vakillar eng munosib nomzodga ovoz berishdi. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisligiga ko‘rsatilgan nomzodlarga berilgan ovozlar sanoq komissiyasi tomonidan sanab chiqildi. Ushbu mahallada ham shu kungacha mahalla raisi bo‘lib ishlab kelayotgan Bahodir Matkarimov yana uch yil muddatga mahalla fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga qayta saylandi.    

Viloyatimizda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi saylovi davom etib, eng munosiblar ushbu nufuzli vazifaga saylanmoqdalar.

Otaxon NAFULLAYEV


So'ngi yangiliklar