NURONIYLAR – HAYOTIMIZ FARISHTASI, UMRIMIZ MAZMUNI

2019-10-12 Qaror va ijro

"Keksasi bor uyning fayzi, farishtasi, parisi bor", deya aytilgan hikmatni eldoshlarimiz doimo hurmat bilan ta’kidlashadi. Haqiqatan ham piru badavlat bobolarimiz, momolarimiz, ota-onalarimiz hamisha xonadonlarimizning fayzi, farishtasidir. Ular oila a’zolariga o‘zlarining fazilatlari bilan doimo o‘rnak bo‘lib kelishmoqda.

Mamlakatimizda keksa avlod vakillarini ijtimoiy himoya qilish, sog‘liqlarini mustahkamlash hamda ularning sanatoriy, profilaktoriylarda dam olishini tashkil etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, bugungi kunda viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida "Nuroniylar maskani" barpo etilib, ularda keksa avlod vakillari mazmunli hordiq chiqarib, bir piyola choy ustida dildan gurunglari o‘tkazilayotir. Ushbu maskanlar hududlarning eng so‘lim, bahavo, gulzorlar, yashilliklarga burkangan hududlarida joylashgan bo‘lib, bu уerlarda doimiy ravishda taniqli san’atkorlar, ilm-fan namoyandalari, shoirlar, yozuvchilar bilan uchrashuvlar, musiqali dasturlar tashkil etilmoqda.

Keksalarga e’tibor doimiy diqqat markazida bo‘lmoqda. Joriy yilning 27 sentyabrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorining qabul qilinishi keksa avlod vakillari uchun yana bir rag‘bat, yuksak e’zoz, hurmatning namunasi bo‘ldi.

"1 oktabr - Xalqaro keksalar kuni"ni har yili nishonlash maqsadida oktyabr oyining birinchi haftasi "Keksalar haftaligi" etib belgilandi. Haftalikni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida chora-tadbirlar belgilanib, joylarda tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Ushbu xayrli tadbirlarning 1 oktabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan uyg‘unligida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Chunki keksalar hayotdagi ko‘p yillik tajribalari tufayli ustozlik darajasiga etishib, doimiy ravishda o‘zlarining hikmatli, dono maslahatlari bilan oila a’zolariga, yoshlarga, yaqinlariga maslahatlar berib boradi.

Shuni mamnunlik bilan ta’kidlash kerakki, bugungi kunda ham keksalar nafaqaga chiqqan bo‘lsalarda, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarning turli jabhalarida o‘z faoliyatini davom ettirib, hamkasblari, shogirdlari hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘lmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 2 aprel kuni qabul qilgan "Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoniga asosan barcha mahallalarda "Keksalar maslahati" guruhlari tashkil etilgan edi.

Vazirlar Mahkamasining 27 sentyabrdagi qarorida "Keksalar maslahati" guruhlari to‘g‘risidagi nizomning tasdiqlanishi qariyalarning muammolarini o‘rganish va bartaraf etishga xizmat qiladi. Ayniqsa, ularning hayotiy tajribasidan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda samarali foydalanish imkonini yanada kengaytiradi.

"Keksalar haftaligi" kunlarida viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyat sog‘liqni saqlash, madaniyat, jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari hamda qator tashkilotlar bilan hamkorlikda faxriylarimiz uchun bayram tadbirlari tashkil etilmoqda. Jumladan, mahallalarda, sport inshootlarida shaxmat-shashka va boshqa sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, "Yoshlar markazi"da Urganch Davlat universiteti adabiyot, san’at vakillarining yoshlar-talabalar bilan uchrashuvi o‘tkazildi.

Xorazm viloyati musiqali drama teatrida "Oshiq G‘arib va Shoxsanam" spektakliga viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridan otaxon va onaxonlar taklif etiladi. Shuningdek, Urganch shahridagi "Maqom" markazida konsert namoyish qilinadi.

Tadbirlar doirasida kam ta’minlangan, yolg‘iz, nogironligi bo‘lgan keksalar holidan xabar olinyapti va ular moddiy qo‘llab-quvvatlanmoqda.

"O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!" dasturiga muvofiq keksa avlod vakillarining Respublikamiz bo‘ylab sayohatlari tashkil qilinmoqda.

Ayni kunda belgilangan tadbirlar ijrosi ta’minlanib, o‘tkazilayotgan davra suhbatlarida, anjumanlarda otaxon va onaxonlar yaratilayotgan imkoniyatlar, g‘amxo‘rlik uchun Prezidentimizga cheksiz minnatdorchiliklarini bildirmoqdalar.

"Keksalar haftaligi" munosabati bilan viloyatimizda o‘tkazilayotgan tadbirlar ko‘tarinki ruhda davom etmoqda.

Matkarim JUMANIYOZOV,

"Nuroniy" jamg‘armasi viloyat bo‘limining raisi.


So'ngi yangiliklar