XALQARO HUNARMANDCHILIK FESTIVALIGA QIZG‘IN HOZIRLIK KO‘RILMOQDA

2019-07-12 Davlat dasturi

Beqiyos e’tibor

2019 yilning 10-15 sentyabr kunlari Qo‘qon shahrida Xalqaro hunarmandchilik festivali bo‘lib o‘tadi. Hozirdanoq ushbu xalqaro tadbirga viloyatimizda ham tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi.

Prezidentimizning 2018 yil 1 noyabrdagi "Xalqaro hunarmandchilik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida" gi qaroriga asosan milliy hunarmandchilikning yirik va qadimiy maktablaridan biri hisoblangan Qo‘qon shahrida an’anaviy tarzda har ikki yilda bir marta xalqaro miqyosda hunarmandchilik festivali o‘tkazilishi belgilangan.

Birinchi marta o‘tkazilayotgan ushbu festival doirasida "Hunarmandchilik va xalq amaliy san’atini rivojlantirish istiqbollari" mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya ham tashkil etiladi.

Xalqimizning qadimiy tarixi va madaniy hayotini har tomonlama
keng yoritish, nomoddiy madaniy merosimizning ajralmas qismi bo‘lgan milliy hunarmandchiligimizni keng namoyish etish, uning noyob namunalarini targ‘ib qilish bo‘yicha o‘tkazilayotgan mazkur festivalning ahamiyati beqiyos.
Shuning uchun ham ushbu tadbirni yuqori saviyada tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Viloyatimiz xalq amaliy san’ati va hunarmandchilikning eng qadimiy
turlari, an’analari, o‘ziga xos uslub va maktablari saqlanib qolganligi bilan alohida o‘ringa ega. Yurtimizda milliy hunarmandchilikni har tomonlama
rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda.

Bugungi kunda viloyatda 1600 dan ortiq hunarmand faoliyat ko‘rsatadi. Vohamizda milliy hunarmandchilik an’analari, boqiy qadriyatlar avloddan avlodga o‘tib kelmoqda. Yog‘och o‘ymakorligi, temirchilik, haykaltaroshlik, kandakorlik singari qadimiy hunarlarni yoshlar qunt bilan o‘rganishmoqda. Ayni paytda sohani rivojlantirish, turizm yo‘nalishlarini ko‘paytirish borasida ham salmoqli ishlar qilinmoqda.

Festival doirasida Qo‘qondagi markaziy maydonning yon-atrofida hunarmandchilik san’atiga oid turli ko‘rgazmalar, buyumlar, tasviriy va amaliy san’at asarlari, qadimiy hunarmandchilik dastgohlari va mahsulotlarini yaratish jarayonlari, hunarmandchilikka oid badiiy va hujjatli filmlar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi va ularning sotuvi tashkil etiladi.

Bundan tashqari, milliy liboslar ko‘rgazmasi chiqishlari, askiya va
qiziqchilar, folklor va dorbozlar jamoalarining tomosha dasturlarini namoyish etish rejalashtirilgan.

Viloyatimiz hunarmandlari uchun ajratilishi rejalashtirilgan 738 kv. metr maydonda hunarmandlar o‘zlari yasagan mahsulotlarini namoyish qilish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Viloyatda o‘zining iste’dod va qobiliyatlarini ko‘rsatish, vohaning qadimiy an’ana-larini yanada rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishga bel bog‘lagan 34 ta yo‘nalish bo‘yicha 60 nafar hunarmand qatnashish istagini bildirishgan. Jumladan, qo‘lda gilam to‘qish, tosh o‘ymakorligi, zardo‘zlik buyumlari, bosh kiyimlar tayyorlash, novdalardan buyumlar to‘qish, oddiy metallardan milliy uslubda tayyorlangan taqinchoqlar va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan festivalning ko‘tarinki ruhda o‘tishi kutilmoqda.

Mazkur tadbir orqali unutilayotgan hunarmandchilik qadriyatlarini tiklash, "ustoz-shogird" an’anasini faol davom ettirish, milliy hunarmandchilikni jahonga tanitishni niyat qilganmiz. Festival ko‘rik-tanlov shaklida bo‘lib o‘tadi. "Eng yaxshi hunarmand", "Qadimiy hunarmandchilik turini tiklagan hunarmand", "Qadimiy sulola davomchisi" nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi. Shuningdek, festival doirasida ilmiy konferensiya, mahorat darslari, ko‘rgazmalar, sayillar hamda konsert dasturlari o‘tkazilishi belgilangan.

Ushbu xalqaro anjuman hunarmandchilik va amaliy san’atimizni ko‘z
qorachig‘idek asrash, ularni kelgusi avlodlarga ham уetkazish, targ‘ib
etishga hissa bo‘lib qo‘shiladi.

 

Ilhom BOBOJONOV,

Xorazm viloyati "Hunarmand" boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi.


So'ngi yangiliklar