ISTIQLOL IMKONIYATLARI

2019-07-17 Ma`naviyat

Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!

Prezidentimizning "O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarori asosida tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ijrosi ta’minlanmoqda. Asrlar osha insoniyatning ma’naviy va moddiy madaniyati rivojiga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shib kelayotgan Xivamiz istiqlol yillarida yanada obod, fayzli go‘shaga aylandi.

Ko‘hna Ark, Tosh hovli, Jome masjidi, Pahlavon Mahmud maqbarasi, Islomxo‘ja minorasi, Feruz va Olloqulixon madrasalari kabi yodgorliklar qayta ta’mirdan chiqarilib, yanada ko‘rkam manzara kasb etdi. Jahon andozasidagi yangi mehmonxonalar bunyod etildi. Sayyohlarga xizmat qiluvchi savdo, umumiy ovqatlanish shoxobchalari ko‘paytirildi. Ayniqsa, milliy hunarmandchilik rivojlantirilib, sayyohlarga turli sovg‘a-salomlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

"Dishan-qal’a"da ham ulkan yaratuvchilik, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning tashabbusi bilan Xivamizga temir yo‘l keldi, yangi vokzal binosi barpo etildi. Azaliy orzuimiz bo‘lgan poezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Nurullaboy saroyi majmuasi jahon sayyohlarini hayrat va havasini keltiradigan darajadagi ajoyib go‘shaga aylantirildi. Bayram arafasida qadim tariximiz, Xivaning o‘tmishi va buguni haqidagi ikki risolam nashr etildi.

Xorazm qadimdan ilm-fan, ma’rifat va madaniyat markazlaridan biri sifatida mashhur ekanligi tarixdan ma’lum. Bu muqaddas maskanda yashab o‘tgan buyuk allomalar jahon ilm-fani, ma’naviyati xazinasiga bebaho hissa qo‘shganlar. Prezidentimizning qarorida alohida ta’kidlanganidek, "Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!" bosh g‘oyasi asosidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda biz muzey xodimlari ham ishtirok etamiz. Ayni kunlarda o‘zim ishlayotgan "Ichan-qal’a" Davlat muzey-qo‘riqxonasida O‘zbekistonimiz, shu jumladan, Xorazm, Xivamizning istiqlol yillarida qo‘lga kiritgan yutuqlari, amalga oshirilgan ulkan ishlar xususida ko‘chma ko‘rgazma tashkil qildik. Mustaqilligimizning yigirma sakkiz yillik tantanalariga tayyorgarlik ishlari davom etmoqda. Hozirdanoq bayram o‘tadigan hududlarni bezash ishlarini boshlab yubordik. Xorazm Ma’mun akademiyasi ilmiy jamoasi bilan hamkorlikda turli tadbirlar o‘tkazmoqdamiz.

Eng ulug‘, eng aziz ayyom - Vatanimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayrami oldidan o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol qatnashmoqdamiz.

Komiljon XUDOYBERGANOV,

tarix fanlari nomzodi.

 


So'ngi yangiliklar