TUMANDA 400 TA YANGI ISH O‘RNI OCHILADI

2019-10-30 Voha bo`ylab

Hazoraspda maishiy texnika vositalari ishlab chiqariladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 29-30 noyabr kunlari viloyatimizga tashrifi davomida hududda "Kichik maishiy texnika va elektr dvigatellari ishlab chiqarish" zavodini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar bergan edilar.

Bu borada amaliy ishlarga kirishilib, yaqinda "Hazorasp" erkin iqtisodiy zonasida "Future Industry Systems" O‘zbekiston-Turkiya qo‘shma korxonasi tomonidan "Kichik maishiy texnika va elektr dvigatellari ishlab chiqarish" zavodini barpo etish bo‘yicha dastlabki qurilish ishlari boshlandi.

Mazkur korxonaning barpo etilishi viloyatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, sifatli, zamonaviy, maishiy texnika vositalarini ishlab chiqarish imkonini beradi.

Mazkur loyihaning amalga oshirilishi yangi ish o‘rinlarini ochishda, soha mutaxassislarini tayyorlashda alohida ahamiyatga egadir. Mazkur korxonaning barpo etilayotganligidan yurtdoshlarimiz quvonchi cheksiz bo‘lmoqda.

Qo‘shma korxona tomonidan birinchi bosqichda 15,5 mln. dollarga teng investitsiyalar kiritish hisobiga "Elektr dvigatellari ishlab chiqarish" loyihasi amalga oshiriladi va 200 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Shuningdek, yiliga 5 turdagi 2 mln.ga yaqin elektr dvigatellari ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Qo‘shma korxona faoliyati tobora kengayib boradi. Ya’ni ikkinchi bosqichda "Kichik maishiy texnika vositalari ishlab chiqarish" loyihasi amalga oshiriladi.

Mazkur loyihani amalga oshirish natijasida, yana qo‘shimcha 200 ta ish o‘rinlari yaratilib, yiliga 20 turdagi 310 ming dona maishiy texnika vositalari ishlab chiqariladi. Mahsulotlarning 30 foizini xorijiy davlatlariga eksport qilinishi rejalashtirilmoqda.

Hazorasp tumanida mazkur qo‘shma korxonaning qurilishi ishlari boshlanishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi F.Ermanov qatnashib, kelgusida mazkur korxonada amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar va dolzarb vazifalarga alohida to‘xtaldi.

O‘z muxbirimiz.


So'ngi yangiliklar