QIZG‘IN TARADDUD

2019-07-25 Voha bo`ylab

Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarorini tumanimiz ahli katta quvonch bilan kutib olishdi.

Yurtimizda aholining hayot darajasi, turmush tarzini yanada yaxshilash borasida beqiyos g‘amxo‘rliklar qilinmoqda. Tadbirkorlik rivojiga keng yo‘l ochib berilmoqda. Yoshlar, xotin-qizlar, keksa avlod vakillari, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga doimiy e’tibor berilmoqda. Bu borada bizning tumanimizda ham ko‘lamdor ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili 124 xonadon yangi zamonaviy loyiha asosida bunyod etilgan hovlilarga ko‘chib o‘tishdi. Bu yil ham bayram arafasida 48 ta oila a’zolari barcha qulayliklar yaratilgan ana shunday uylarda hovli to‘ylarini o‘tkazishadi.

Istiqlol yillarida tumanimizda bir-biridan muhtasham imoratlar, korxonalar, maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari binolari, yo‘llar va yo‘laklar, yangidan bog‘lar, gulzorlar, xiyobon-lar barpo etildi. Ayni kunlarda Qirqyop qishlog‘idagi "Paxtakor", Namuna qishlog‘idagi "YOsh kuch", Amudaryo qishlog‘idagi "Tayanch" mahallalarida "Obod mahalla" dasturi asosida bunyodkorlik, yaratuvchilik ishlari qizitilmoqda. "Istiqlol", "Guliston", "Paxtagul" mahallalarida mahalla guzarlari, aholiga maishiy, texnika, madaniy, tibbiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari binolari qad rostlamoqda. Bayram arafasida tumanimizda yangi korxonalar, oilaviy maktabgacha ta’lim muassasalari, avtobekatlar, savdo, maishiy xizmat shoxobchalari foydalanishga topshiriladi. "Har bir oila - tadbirkor", "YOshlar - kelajagimiz", "Besh ijobiy tashabbus" kabi dasturlar doirasida olib borilayotgan amaliy ishlar ko‘lami va sifati yanada oshadi. "Eng ulug‘, eng aziz", "Ranglar jilosida - ona diyor", "Vatan uchun yashaylik!" deb nomlangan ko‘rik-tanlovlarda mahallalarimiz ahli ham faol ishtirok etadilar. Ayni kunlarda iste’dodli san’atkorlardan Komiljon Bobojonov, Xudoybergan Xudoyberganov, Jumaniyoz Jumaniyozov, Shahlo Olimova kabi talantlar bayramga bag‘ishlab, Vatan, istiqlol, tinchlik, baxtiyor yoshlik, obod mahalla mavzularida yangi qo‘shiqlar guldastasini tayyorlamoqdalar.

"Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!" bosh g‘oyasini o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, targ‘ibot-tashviqot ishlari tumanimizda davom etmoqda. Ayni kunda barcha mahallalarda bayram oldi taraddud ishlari qizg‘in olib borilayotir.

Hojiboy ABDURAHMONOV,

fuqarolarning o‘zini o‘z boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Xonqa tumani Kengashi raisining o‘rinbosari.


So'ngi yangiliklar