DILSHODBEK RO‘ZMETOVNING G‘ALABASI OLQISHLANDI

2019-10-03 Sport

Ma’lumki, joriy yilning 6-22 sentyabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Ekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari yuksak natijalarga erishdilar.

80 ga yaqin mamlakatdan eng kuchli charm qo‘lqop ustalari ishtirok etgan, g‘oyat keskin bellashuvlar ostida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi vakillari yuksak azmu shijoat va
mahorat namunasini ko‘rsatdilar. 3 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, yuksak natijalarga erishdilar.

Boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari jahon chempionatida eng yuqori pog‘onaga ko‘tarilib, ulkan jasorat, qahramonlik namunalarini namoyon etishdi. Ushbu jahon chempionatida xorazmlik yosh iste’dodli, mohir bokschi Dilshodbek Ro‘zmetov ham ishtirok etib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoуevning joriy yil 27 sentyabrda qabul qilgan Farmoniga muvofiq boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Dilshodbek Ro‘zmetov "Kelajak bunyodkori" medali bilan taqdirlandi.

30 sentyabr kuni Toshkent shahridagi Ko‘ksaroyda yuksak mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Prezidentimiz mukofotlarni o‘z
egalariga topshirdi.

Tantanali marosimda Prezidentimiz tomonidan iqtidorli sportchimiz Dilshodbek Ro‘zmetovga ham "Kelajak bunyodkori" medali tantanali ravishda topshirildi. Ushbu tantanali marosimda so‘z olgan Dilshodbek Ro‘zmetov yuksak e’tirof, e’tibor uchun Prezidentimizga o‘z minnatdorchiligini bildirib, kelgusida ham sportni rivojlantirishga va boks bo‘yicha yuksak natijalarga erishishga astoydil harakat qilishini alohida qayd etdi.

Kuni kecha Urganch Xalqaro aeroportida jahon chempionati sovrindori Dilshodbek Ro‘zmetovni eldoshlarimiz katta ko‘tarinkilik, xursandchilik, karnay-surnay sadolari bilan kutib olishdi.

Shundan so‘ng Urganch ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda Dilshodbek Ro‘zmetovning ulkan g‘alabasi yana bir bor olqishlandi.

Tadbirda ishtirok qilgan viloyat hokimi F.Ermanov yosh iqtidor egasi, charm qo‘lqop ustasi Dilshodbek Ro‘zmetovni erishgan quvonarli zafari, yutug‘i bilan samimiy qutladi. Shu уerning o‘zida Dilshodbek Ro‘zmetovga "Srark" avtomobilining kalitini topshirdi.

Tadbirda so‘z olgan jahon chempionati sovrindori Dilshodbek Ro‘zmetov mamlakatimizda yoshlarning o‘z qobiliyati, salohiyatini ro‘yobga chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganligini va bu imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanayotgan tengdoshlari, yoshlar quvonarli natijalarni qo‘lga kiritayotganligini mamnunlik bilan ta’kidladi.

Ayniqsa, bugungi kunda sport turlari bilan shug‘ullanish uchun yirik sport inshootlari, majmualar qad rostlayotganligi va ular yoshlarning sevimli maskanlariga aylanayotganligini va u ham kelgusida boksga qiziqishi bo‘lgan yoshlarga mahorat darslarini muntazam ravishda o‘tishga tayyor ekanligini bildirdi.

Tadbir davomida Dilshodbek Ro‘zmetovning murabbiylari, ota-onasi, yaqinlari o‘zlarining samimiy dil so‘zlarini izhor etishdi.

Tantanali marosim davomida ona Vatan, baxtiyor yoshlik, sportchilarning yutuqlari, jahon chempionati sovrindori Dilshodbek Ro‘zmetovning g‘alabasi she’rlar, qo‘shiqlar orqali tarannum etildi.

Otaxon RAXIM.


So'ngi yangiliklar