QULUPNAY: SHIFOBAXSH, XARIDORGIR, EKSPORTBOP

2019-11-02 Voha bo`ylab

Noz-ne’matlar – el dasturxoniga

Qulupnay - har yilgi ko‘klam mavsumida hosili barvaqt – may oyida - pishib etiladigan, erta bahor pallasida inson sog‘ligini mustahkamlash uchun bebaho shifo malhami vazifasini o‘taydigan qimmatli ne’matlardan biri.

Qisqa ildizpoyali bu ko‘p yillik o‘simlik mayda barglari, erda yoyilib o‘sishi uchun xizmat qiladigan bachki poyachalari, ularning bo‘g‘imlaridan muttasil ravishda yangi novdalar va ildizlar o‘sib chiqishi, hosildorligi, sovuqqa, turli tashqi ta’sirotlarga chidamliligi bilan ajralib turadi.

Mutaxassislar, tajribakorlarning ta’kidlashlaricha, qulupnay ekini bamisoli ajriq o‘ti kabi har er – har erda zaminga ildiz otib, o‘sib ketaveradi. O‘simlik urug‘dan undirilganining hosildorligi past, mevasi mayda, ko‘chat qilib o‘tqazilganining ziroati esa bo‘liq, barakali bo‘lib etiladi. SHu bois viloyatimizda ana shu ekin maydonlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilyapti. Dalalar, bog‘lar, tomorqa erlari, issiqxonalarga qulupnay ko‘chatlarini o‘tqazish ishlari muvaffaqiyatli poyoniga etkazilmoqda.

Xo‘sh, er bag‘irlab o‘suvchi bu ekinning qaysi muddatlarda ekilgani ma’qul. Qulupnay ko‘chatlari ekish uchun qanday tayyorlanadi? Nihollar ochiq va yopiq maydonlarga qay tariqa o‘tqazilishi kerak? Ekinning hosildor, mevalarining shirin, bo‘liq bo‘lishi nimalarga bog‘liq?

YAqinda Xonqa tumani Sarapoyon qishlog‘i Qoramozi hududining "Guliston" mahallasidagi aholi xonadonlarida, bog‘larning qator oralariga qulupnay va boshqa tur kuzgi ekinlarni ekish bo‘yicha viloyat, tumanlar fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari va ular kengashlarining raislari va "Mahalla" xayriya jamoat fondi, tuman mahallalari fuqarolar yig‘inlari, "Tomorqa xizmati" MCHJlari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarda ana shular haqida gap bordi.

Tadbirda so‘zga chiqqan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Xorazm viloyati Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari O.Rajabov, Xonqa tumanidagi "Innovatsion tomorqa xizmati" mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi G‘.Rahimov, jamiyat bosh hosiloti B. Ollaberganov ana shu masalalar haqida to‘xtalib, qulupnay va boshqa tur
kuzgi ekinlardan mo‘l hosil etishtirish bo‘yicha qimmatli fikr-mulohazalar bildirdilar.

So‘nggi vaqtda Sarapoyon qishlog‘ining "Qoramozi" hududini qulupnaychilar, fidoyi mirishkorlar, tajribali ziroatkorlar maskani, deb atash ana’anaga aylanib qoldi. Bu bejiz emas. Qoramozidan o‘z kasbining mohir ustalari – fidoyi dehqonlar etishib chiqmoqda. Ular dalalari, bog‘lari, tomorqa erlarida mo‘l-ko‘l sabzavot mahsulotlari, shu jumladan, qulupnay etishtirib, el dasturxoni to‘kinligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shmoqdalar.

CHunonchi, mazkur hududda yashovchi Boltaboy Jumaniyozov, Dilshod Bekmetov kabi fidoyilar bu yil o‘zlariga qarashli maydonlardagi qulupnayzorlar sahnini kengaytirib, 1,5 gektarga etkazdilar.

Omonboy Jumaniyozov, Abdulla Tohirov va boshqa ko‘plab xonadonlar shaxsiy tomorqa erlarida mo‘l-ko‘l noz-ne’matlarni etishtirib, daromad cho‘g‘i, el dasturxoni barakasi izchil ravishda oshirilishiga salmoqli hissa qo‘shmoqdalar.

- O‘tgan yili bir gektarlik qulupnay ekini maydoni hisobiga 80 million so‘m daromad qildik, -deydi Boltaboy Jumaniyozov. - Boshqa ekinlar bo‘yicha erishilayotgan natijalar ham chakki emas. SHu tufayli dasturxonimiz to‘kin, turmushimiz farovon. Qilgan daromadimiz evaziga to‘ylar o‘tkazdik. O‘g‘illarimizning har qaysisiga bittadan–ikkita avtomobil sotib oldik. Shu bois iqtisodiy samaradorlik omili bo‘lgan qulupnay va boshqa ekinlar maydonlarini yanada kengaytirish, hosildorligini oshirish tadbirlarini ko‘ryapmiz. YAqinda 0,4 gektar erga qulupnay ekini ko‘chatlarini o‘tqazib, popuk ildizli ekin jami maydonlarini bir yarim gektarga etkazish bilan birga qo‘shnilarga 60 ming tupdan ziyod mazkur o‘simlik nihollarini etkazib berdik.

Mahalladagi ko‘plab xonadonlarning tomorqa erlariga qulupnay, piyoz, sarimsoq piyoz va boshqa tur kuzgi ekinlar barvaqt ekib bo‘lingani, tuman bo‘yicha qulupnay ekini maydonlari bu yil bir necha baravarga ko‘paytirilib, 15 gektarga etkazilganligi, xirmonlar barakasini oshirishga qarata dalalarda shaxt bilan mehnat qilinayotganligi ko‘rgazmali seminar qatnashchilarida iliq
taassurotlar qoldirdi.

Tadbirda ayni palladagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan ana shunday ko‘rgazmali seminarlarni barcha tumanlarda o‘tkazish, qulupnay, piyoz, sarimsoq piyoz va boshqa tur kuzgi ekinlar ekilishini qisqa muddatlarda poyoniga etkazish lozimligi ta’kidlanib, ularni namunali parvarishlash, barakali
xirmonlar uyilishini ta’minlash yuzasidan qimmatli yo‘l-yo‘riq, ko‘rsatmalar berildi.

Ollabergan RAJABOV.


So'ngi yangiliklar