Shogirdlar yutug‘i – o‘qituvchi baxtidir

2019-10-01 Voha bo`ylab

Har yili 1 oktyabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi Quronboy Nurimov
xonadoni shogirdlari, hamkasblari bilan yanada gavjum bo‘ladi.
Bu safar ham qo‘llarida gullar ko‘targan shogirdlar ustozni kasb bayrami bilan qutlab kelishdi. Bunday damlarda ustozimizning ko‘zlari sevinchdan yoshlanadi...

Ha, o‘tgan yillar davomida o‘z kasbining mohir egasi Quronboy Nurimov minglagan yoshlarga matematika fanidan saboq berdi. SHuningdek, chuqur bilim, tajribaga ega bo‘lgan ustoz ta’lim muassasalariga rahbarlik qilib, fidoyi mehnat qilib, o‘ziga munosib shogirdlar tayyorladi.

Quronboy Nurimov 1949 yil Urganch tumanidagi YUqoribog‘ qishlog‘ida tavallud topgan. O‘rta maktabda o‘qib yurgan kezlaridayoq
matematika faniga qiziqishi ortdi. So‘ngra maktabni tamomlagach, Toshkent davlat uni-versiteti (Hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning matematika fakultetida tahsil oldi.

1974 yil universitetni tamomlagach, Urganch tumanidagi
5-son maktabda matematika fanidan o‘quvchilarga saboq berdi. O‘sha yillarda ustozning juda ko‘plagan o‘quvchilari fan olimpiadalarida faol qatnashib, yuksak natijalarga erishdilar. Quronboy Nurimov matematika fani o‘qituvchilari ishtirokida o‘tkaziladigan ko‘plab o‘quv-seminarlarda, tadbirlarda o‘zining tajribasi bilan o‘rtoqlashib, hamkasblarining savollariga doimo aniq, puxta javob berardi. Natijada, ko‘p o‘tmay ustoz viloyat o‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutining matematika kabineti mudiri vazifasiga taklif etildi. Q.Nurimov yuksak mas’uliyatni dildan his qilgan holda viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridan kelib, o‘z bilimini mustahkamlab, malakasini oshirayotgan o‘qituvchilarga matematika fanidan mashg‘ulotlarni o‘tkazar edi.

Quronboy Nurimov faoliyati davomida ko‘plab yosh o‘qituvchilarga kasb sirlaridan muntazam ravishda saboq bergan. Matematika fanining turli yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-metodik ishlarni olib bordi. Ustoz Quronboy Nurimov "Matematika o‘qituvchilari metod birlashma ishlarini rejalashtirish", "11-sinf geometriya kursi bo‘yicha metodik ishlanma", "Matematikada sinfdan tashqari ishlarni tashkil qilish", "Matematikadan test sinovlarini o‘tkazish tajribasidan" kabi o‘nlagan uslubiy tavsiyalar, risolalarni tayyorladi. Ulardan ta’lim muassasalarida samarali foydalanilmoqda.

Quronboy Nurimov viloyat pedagog xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutiga rahbarlik qilgan yillarida, ushbu muassasaning faoliyati yanada takomillashdi. Mazkur institutda qator kafedralar tashkil qilinib, viloyatdagi ta’lim muassasalari pedagoglarining bilimi, tajribasini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Sohaga oid ko‘plab tajribalar viloyat bo‘ylab keng ommalashtirildi. Quronboy Nurimov doimo izlanishda, ilg‘or tajribalarni sohaga tatbiq qilishda samarali faoliyat ko‘rsatdi.

2000 yilda u Urganch shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri lavozimiga tayinlandi. SHahardagi ta’lim muassasalarida ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq qilish o‘z samarasini berdi. SHuningdek, muassasalarning o‘quv moddiy-texnika bazasi yanada mustahkamlandi. Maktab direktorlarining kasb mahorati hamda mas’uliya-tini oshirishga qaratilgan o‘quv-seminarlar, davra suhbatlari muntazam ravishda tashkil etildi. Bu esa shahardagi maktablarda ta’lim-tarbiya tizimidagi faoliyatni takomillashishiga yordam berdi.

Tajribali pedagog Quronboy Nurimov qaerda ishlamasin yuksak tashkilotchilik qobiliyatini, o‘z sohasining etuk mutaxassisi ekanligini ko‘rsatib, jamoada belgilangan rejalarning ijrosini ta’min-lab keldi. Jumladan, Q.Nurimov 2004 yilda viloyat markazidagi 94-son maktab-internatga direktor qilib tayinlandi. Bilim maskanida tarbiyalanuvchilarning chuqur bilim olishi bilan birga ularning darsdan keyingi soatlarini mazmunli o‘tkazish hamda sog‘liqlarini mustahkamlash borasidagi ishlarni yuksak darajada tashkil etdi. Ayniqsa, ustoz bolalarning sog‘lom, bilimli bo‘lib voyaga etayotganidan doimo xursand bo‘lar edi.

O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi Quronboy Nurimov bugungi kunda 70 yoshda. U viloyat miqyosida matematika fani o‘qituvchilari ishtirokida o‘tkazilayotgan tadbirlarda muntazam ravishda qatnashib, ko‘p yillik tajribalaridan kelib chiqib, maslahatlar, tavsiyalar berib kelmoqda.

Ayniqsa, ustoz tez-tez o‘z shogirdlarining yutuqlari haqida qu-vonchli habarlarni eshitar ekan, beixtiyor "O‘quvchilar, shogirdlarning yutug‘i bu ustozlarning yutug‘idir", deya faxr bilan gapiradi, fan olimpiadalarida, musobaqalarda yuqori natijalarga erishayotgan yoshlarning muvaffaqiyatlaridan cheksiz faxrlanadi.

1 oktyabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida ham ustoz shogirdlarining qator yutuqlarni qo‘lga kiritganligini eshitib, yanada quvondi.

Odilbek Qoriev,

Urganch shahridagi 94-son maktab-internat direktori.


So'ngi yangiliklar