OSOYISHTALIK POSBONLARI

2019-10-28 Voha bo`ylab

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar idoralari xodimlari kuni keng nishonlandi

Mamlakatimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish, jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini takomillashtirish borasida ichki ishlar xodimlari o‘z vazifasini fidoyilik bilan bajarmoqdalar.

Xalq manfaatlariga xizmat qilish, chinakam xalqchil, xalqparvar bo‘lish ichki ishlar organlari faoliyatida bosh mezonga aylandi. Ichki ishlar organlari xodimlari aholiga o‘z vaqtida va sifatli xizmat ko‘rsatish, fuqarolarni tashvishga solayotgan muammolarni joyida hal etish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasini barcha hududlarda tizimli amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida yuksak mas’uliyatni his qilgan tarzda xizmat qilmoqdalar.

Sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilayotir. Xodimlarning kasb mahorati, malakasi muntazam ravishda oshirilmoqda. Ular aholining huquqiy savodxonligini yanada oshirishda ham targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etishda faol bo‘lishayapti.

25 oktyabr - O‘zbekiston Respublikasi "Ichki ishlar idoralari xodimlari kuni" munosabati bilan Urganch shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirda ichki ishlar tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar, kelgusidagi vazifalar alohida qayd etildi.    

Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi F.Ermanov bayram munosabati bilan tizim xodimlarini, faxriylarni samimiy qutladi. Bir guruh hodimlarga viloyat hokimining Faxriy yorlig‘i hamda sovg‘alarini topshirdi.

Tadbirda Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i D.Nazarmuhamedov so‘zga chiqib, ichki ishlar organlarida olib borilayotgan tub islohotlarning samarasiga to‘xtaldi.

Boshqarma xodimlari joylarda mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari, mehnat faxriylari, qator tashkilotlar vakillari bilan birgalikda jinoyatchilikning oldini olish, yoshlarni barkamol voyaga etkazishda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar izchil ravishda o‘tkazilayotganligiga to‘xtaldi. Bundan keyin ham ichki ishlar organlari xodimlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarib, el-yurt osoyishtaligi yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilishga doimo tayyor ekanliklarini qayd etdi.

Tadbir davomida o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan bir guruh fidoyi xodimlarga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ko‘krak nishonlari, esdalik sovg‘alari, Faxriy yorliqlari topshirildi.

Tantanali tadbirda bayramning musiqali dasturi namoyish etildi.

O‘z muxbirimiz.


So'ngi yangiliklar