IJTIMOIY HIMOYA – FAOLIYATIMIZ ASOSI

2014-01-24 Voha bo`ylab

Urganch shahridagi Amir Temur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Xorazm viloyati Kengashi tomonidan "Ijtimoiy himoya va farovonlik uchun kurashamiz" shiori ostida targ‘ibot dasturi sifatida miting tashkil etildi. Unda partiya faollari, oliy o‘quv yurtilari talabalari, yoshlar, faxriylar ishtirok qildi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Xorazm viloyati Kengashi raisi Rahimbergan Yusupov joriy yilning 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik qizg‘in davom etayotganligini ta’kidlab, partiyaning saylov oldi dasturiga batafsil to‘xtaldi.

- Azaldan xalqimiz mehr-oqibat, insonparvarlik fazilatlarini, milliy qadriyatlarimizni ulug‘lab keladi. Ayniqsa, aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamiga amaliy yordam ko‘rsatish, ularni qiynayotgan muammolarning echimini topish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shunday ezgu qadriyatlar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining maqsad-mohiyatiga aylangan. Bu borada partiya tashkiloti tomonidan izchil ravishda amaliy ishlar davom etmoqda, - dedi o‘z so‘zida R.Yusupov.

Shuningdek, aholini ish bilan bandligini ta’minlash, ayollarning salomatligini tiklash, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida amaliy chora-tadbirlar rejasi ham ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilayotganligi qayd etildi.

Tadbirda so‘z olgan partiya faollari F.Vaisov, M.Rahimova, R.Sherjonovlar bevosita joylarda bo‘lib, xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlarni o‘tkazish, ularning fikr-mulohazalarini eshitish, mavjud muammolarni o‘rganish va ularni tezkorlik bilan yechimini topish kabi masalalar bundan keyin ham partiya ish uslubida asosiy o‘rinni egallashini ta’kidlashdi.

Miting davomida saylov oldi dasturi yig‘ilganlarga keng tushuntirildi.

Tadbir doirasida viloyatimizning taniqli san’atkorlari, iste’dodli yoshlar, shoirlar tomonidan ona Vatanimizni, tinchlik, osoyishtalikni, do‘stlikni, obod manzillarni tarannum etuvchi she’rlar, qo‘shiqlar yangradi.

P.ERMATOV,

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Xorazm viloyati Kengashi mutaxassisi.


So'ngi yangiliklar