XUSH KELIBSIZ XORAZMGA, BAHODIRLAR!

2019-06-07 Voha bo`ylab

7-9 iyun kunlari Xiva shahrida Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan

"Bahodirlar o‘yini" I Xalqaro ochiq turniri bo‘lib o‘tadi. Turnirda mamlakatimizdan va xorijiy davlatlardan vakillar ishtirok etadilar. Kecha mehmonlar tantanali ravishda kutib olindi. Qadimiy Xiva shahrining "Ichan-qal’a"sida Xalqaro ochiq turnirning ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Viloyatimizda "Bahodirlar o‘yini" I Xalqaro ochiq turniri o‘tkazilayotganligidan yurtdoshlarimiz behad mamnunligini izhor etmoqdalar. Ko‘hna va hamisha navqiron Xorazm vohasida buyuk alloma, eldoshimiz Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan

I Xalqaro ochiq turnirning o‘tkazilayotganligi keksa-yu yoshga katta quvonch, g‘urur-iftixor bag‘ishlamoqda.

Xorazmda bo‘ladigan "Bahodirlar o‘yini" I Xalqaro ochiq turniriga Rossiya Federatsiyasi, Belorus Respublikasi, Ukraina, Ozarbayjon, Latviya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Braziliya, Eron, Gretsiya, Yaponiya, Xitoy va boshqa mamlakatlardan mashhur bahodirlar tashrif buyurdilar.

Ushbu nufuzli musobaqada mamlakatimizdan 300 ga yaqin
polvonlar ishtirok qiladilar.

Erkin Samandar –shoir va dramaturg, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist: - Barcha yurtdoshlarimiz qatori men ham Xiva shahrida "Ichan-qal’a"da Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan "Bahodirlar o‘yini" I Xalqaro ochiq turniri tashkil etilayotganligidan behad xursand bo‘ldim. O‘tgan yillar davomida ushbu muqaddas zaminda yashab o‘tgan ulug‘ allomalar hayoti haqida ko‘plab asarlar yaratdim. Ana shu jarayonda bobokalonlarimizning hayoti, faoliyati, ijodini chuqur o‘rganish uchun Xiva, Urganch va Toshkent shaharlaridagi arxivlarda, muzeylarda o‘tirib, to‘laqonli ma’lumotlar olishga harakat qildim. Shu jumladan, ulug‘ shoir, kuragi уerga tegmagan, kurashchi usta-hunarmand Puryorvaliy taxallusi bilan Hindiston, Eron, Afg‘oniston kabi ko‘plab mamlakatlarda shuhrat topgan
Pahlavon Mahmud haqida asar tayyorladim. Ulug‘ eldoshimizning hayoti qalam ahli uchun ilhom manbaidir. Pahlavon Mahmudning buyuk ma’naviy merosi asrlar osha xalqimizga xizmat qilib kelaveradi. Pahlavon Mahmudga bag‘ishlab yozgan asarim Xorazm viloyati musiqali drama teatrida tez kunlarda sahnalashtiriladi va yurtdoshlarimizga havola etiladi.

"Bahodirlar o‘yini" ishtirokchilariga kuch-quvvat va muvaffaqiyatlar tilayman.

 

Matkarim Jumaniyozov – "Nuroniy" jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi, "Do‘stlik"ordeni nishondori: - Xiva shahrida faylasuf va shoir, ulug‘ allomamiz
Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan "Bahodirlar o‘yini" I Xalqaro ochiq turnirining o‘tkazilayotganligidan, ayniqsa, biz, keksa avlod vakillari nihoyatda xursand bo‘ldik. Chunki Xorazmda azaldan kuchli, baquvvat yigitlar o‘zlarining qobiliyatlari va mahoratlarini katta maydonlarda o‘tkazilgan to‘y-tomoshalarda, sayillarda, yaxshi kunlarda namoyish etganlar. Yoshligimizda ana shunday bahodir yigitlarning chiqishlarini ko‘rib, hamisha faxrlanib yurganmiz.

Istiqlol sharofati bilan go‘zal, milliy qadriyatlarimiz yana qaytadan tiklandi. Endilikda, o‘zbek yigitlari xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan olimpiadalarda, musobaqalarda, chempionatlarda ham doimo faol qatnashib, yuksak natijalarga erishmoqdalar. Bundan juda xursandmiz va faxrlanamiz.

Xorazmlik faxriylardan O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchilar – Rustam Sultonov, Botir Yoqubov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist O‘ktam Rahimov, "El-yurt hurmati" ordeni
sohibi Aminboy Vafoуev singari faxriylarimiz ham ushbu tadbirning Xiva shahrida o‘tkazilayotganligini quvonch bilan ta’kidlamoqdalar. Faxriylar nomidan turnirning barcha qatnashchilariga omadlar tilaymiz.

Leninza Asqarova – "Mehr-shafqat va salomatlik" jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi: - Inson hayoti davomida sport bilan shug‘ullanar ekan, doimo sog‘lom va tetik bo‘ladi. Shifokorga kam murojaat qiladi. Yoshim 80 dan oshdi. 50 yildan ko‘p vaqt bo‘ldi Shovot kanalining cho‘milishga ruxsat berilgan jo-yida erta tongdan suvga tushaman. Keyingi paytda nafaqat men istiqomat qilayotgan "Beshmergan" mahallasidagi xotin-qizlar, yoshlar, balki, keksalar ham kelib, suv bo‘yida badantarbiya mashg‘ulotlarini o‘tkazadigan bo‘lishdi. Men ularni ko‘rib xursand bo‘laman.

"Bahodirlar o‘yini" I Xalqaro ochiq turnirini albatta borib ko‘raman. Shubhasiz, bu turnir sportning bir ko‘rinishi bo‘lib, unda ishtirok etayotgan yigitlarning tinimsiz mashqlari, o‘z ustida muntazam ishlashlari va intilishlari natijalaridir.

Men bugun keksalik gashtini surmoqdaman. Pahlavon Mahmud ijodiga bag‘ishlangan kitoblarni sevib o‘qiyman. Ruboiylarining har birida olam-olam ma’no bor. Joylarda bo‘lgan paytimda sportning inson hayotidagi ahamiyati, sog‘lom turmush kechirish hayotimizning yanada fayzli o‘tishida muhim ahamiyatga ega ekanligini eslataman. Nabiralarim ham kurash bo‘yicha to‘garaklarga qatnashishadi. Ular ham Xivada "Bahodirlar o‘yini" o‘tkazilayotganligidan juda xursand bo‘lishmoqda.

Zafar Ollaberganov - Urganch Davlat universiteti talabasi, "Mard o‘g‘lon" Davlat mukofoti sohibi, Sportning jangovar sambo turi bo‘yicha qator xalqaro miqyosdagi musobaqalarning g‘olibi: - Yoshlikdan sport bilan shug‘ullanaman. Yillar davomida sambo bo‘yicha mahoratim oshib bordi. Joriy yilning mart oyida Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida jangovar sambo bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Jahon kubogida qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdim.

Viloyatimizda elkasi уerga tegmagan Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan ochiq turnirning tashkil etilayotganligidan biz yoshlar juda xursandmiz. Men doimo Pahlavon Mahmud faoliyati va ijodi bilan qiziqib, ulug‘ alloma haqida ko‘plab kitoblarni o‘qiganman. Mana shunday bobolarimiz borligidan g‘ururlanib yuraman. Pahlavon Mahmud xorijdagi davlatlarda katta, nufuzli bellashuvlarda dunyoning baquvvat polvonlari unga tan berishgan. Bobokalonimizning biron marta ham kuragi уerga tegmaganligi bizni g‘alabalarga ilhomlantiradi.

Biz bundan keyin ham mana shunday ulug‘ allomalarimiz an’anasini davom ettirib, sportning qator turlari bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan barcha tadbirlarda faol qatnashamiz. O‘zbekiston bayrog‘ini balandlarga ko‘taramiz.

SHokir Madaminov– viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i: - Xorazmlik sportchilar, barcha yurtdoshlarimiz vohamizda o‘tkazilayotgan ushbu ochiq turnirni katta ko‘tarinkilik bilan kutib oldilar. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7-9 iyun kunlari Xiva shahrida Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan "Bahodirlar o‘yini" I Xalqaro ochiq turnirini yuqori saviyada tashkil qilish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi yig‘ilishi bayoni asosida viloyat hokimligi tomonidan aniq chora-tadbirlar belgilandi va tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlandi. Turnirga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Turnirning har bir bellashuv uchun zarur bo‘lgan maxsus sport anjomlari va boshqa vositalar taxt etildi. Polvonlarning o‘z mahoratlarini to‘la namoyon qilishlari uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etildi. Vohamizga tashrif buyurgan turnir ishtirokchilariga muvaffaqiyatlar hamroh bo‘lsin!

 

Baxtiyor Ro‘zmetov - viloyat hokimligi huzuridagi innovatsiya faoliyati va
texnologiyalarini transfer qilish markazi direktori, iqtisod fanlari doktori, professor: - Bugungi kunda fan-texnika yutuqlari har tomonlama rivojlanib, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarning barcha jabhalariga zamonaviy texnologiyalar keng kirib bormoqda. Har bir sohada axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalanish jadallashib bormoqda. Inson tafakkuri har taraflama rivojlanib, istiqbolli loyihalar, investitsiyalar har daqiqada amaliyotga tatbiq etilmoqda. Biroq azaldan insonning jismonan va ma’nan kamoloti uyg‘un tarzda rivojlanib borishi o‘zining ijobiy samarasini beradi.
Insoniyat hamisha o‘z imkoniyatlaridan oqilona foydalanishga, yangiliklarni joriy etishga va atrofdagilarni hayratlantirishga qodir bo‘lgan, o‘z iste’dodini ro‘yobga chiqarishga harakat qilib keladi. Jumladan, keyingi paytda dunyo miqyosida jismonan baquvvat insonlar qobiliyati, uslublari bilan o‘zining mahoratini ko‘rsatib kelishmoqda. Masalan, shunday yigitlar borki, ular o‘ta sog‘lom, kuchli bo‘lib yoshlikdan jismoniy mashqlarni izchil ravishda bajarishi natijasida yanada baquvvat bo‘lishadi. Va natijada mana Xivada o‘tkazilayotgan "Bahodirlar o‘yini" singari nufuzli turnirlarda o‘z kuch-quvvatini eng og‘ir vazndagi tosh ko‘tarish, shuningdek, yirik, og‘ir rusumli avtomobillarni joyidan qo‘zg‘atish va hokazo shakldagi noyob
uslublari bilan o‘zining nimaga qodirligini namoyon qilishadi. Biz olimlar ham bunday daqiqalarda insonning kuch-quvvatiga yanada tahsinlar, olqishlar aytamiz. Men ham Xivada bo‘ladigan ushbu ochiq turnirni orziqib kutayapman. Shubhasiz, undagi bellashuvlar yanada murosasiz va qiziqarli o‘tadi.          

Otaxon RAHIM tayyorladi.


So'ngi yangiliklar