ICHIMLIK SUVI TA’MINOTI YO`LGA QO`YILDI

2019-10-29 Davlat dasturi

 

Ha, keyingi yillarda viloyatimizda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida izchil ravishda amaliy ishlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 dekabrdagi "O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan viloyatdagi shahar va tumanlarda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashni jadallashtirish borasida olib borilayotgan ishlar natijasida belgilangan dasturlar bajarilmoqda. Jumladan, Pitnak shahridagi "Obod" mahallada ichimlik suvi tarmoqlarini qurish hamda suv tarqatish inshootini rekonstruksiya qilish loyihasi amalga oshirildi. Ushbu loyihani o‘z muddatida bajarish maqsadida 1.9 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan edi.

Bosh pudratchi "Qorovulbozor Nazarbek" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan loyiha doirasida suv tarqatish inshootida nasos stansiyasi binosi qayta ta’mirlandi. 3 dona nasos uskunasi o‘rnatildi. Har birining sig‘imi 750 m3 bo‘lgan 2 dona suv saqlash inshooti qayta ta’mirlanib, yangidan transformator o‘rnatildi. Shuningdek, loyiha doirasida uzunligi 7 km. bo‘lgan magistral va ichki suv tarmoqlari yotqizildi. Ushbu loyihaning amalga oshishi natijasida suv taqsimlash inshootining suv yetkazib berish quvvati sutkasiga 4 ming m3 ga yetkazilib, Pitnak shahri "Obod" mahallasining 2500 dan ortiq aholisi ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

Suv taqsimlash inshootining foydalanishga topshirilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi F.Ermanov qatnashdi va so‘zga chiqdi. Mazkur inshootni barpo etishda qatnashgan quruvchilarga viloyat hokimligining sovg‘alarini topshirdi.

Tadbirda ishtirok etgan mahalla ahli, aholi turmush farovonligini oshirish borasida olib borilayotgan ezgu ishlar uchun o‘zlarining minnatdorchiligini bildirib, hududlar tobora obod bo‘layotganligini qayd etishdi. Endilikda, har bir xonadonga toza ichimlik suvi yetkazib berilishidan mamnun bo‘lishdi.

- Viloyatda aholini ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash uchun 129 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan. Ushbu ajratilgan mablag‘ evaziga 96 ta ob’ektda qurilish va rekonstruksiya ishlari rejalashtirilgan edi. Uy-joy kommunal xo‘jalik vazirligining qurilish direksiyasi tomonidan hozirgi kunda jami 96 ta ob’ektda qurilish ishlari yakuniga yetib bormoqda. 70ga yaqin ob’ektda qurilish ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Hozirgina foydalanishga topshirilgan inshoot ham Pitnak shahridagi bir qancha mahallalar aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlaydi, - deydi "Tuyamo‘yin - Urganch mintaqalararo suv quvurlaridan foydalanish boshqarmasi" davlat unitar korxonasi boshlig‘ining o‘rinbosari Odilbek Jumaniyozov.

Ha, ayni paytda ham joylarda ichimlik suvi tizimi quvurlarini ta’mirlash, rekonstruksiya qilish ishlari tezkorlik bilan davom etmoqda. Kuni kecha Yangiariq, Gurlan, Bog‘ot tumanlarida ham ichimlik suv tizimi inshootlari qurilib, rekonstruksiya qilinib, o‘z faoliyatini boshladi. Bundan qishloqlar aholisi mamnun bo‘lishmoqda. Bu yo‘nalishdagi amaliy ishlar viloyatimiz bo‘ylab davom etmoqda.

O‘z muxbirimiz.


So'ngi yangiliklar