TEZKOR, QULAY, SAMARALI

2019-06-20 Voha bo`ylab

"Qishloq qurilish bank" jamoasi o‘z faoliyatini shu kun talabi asosida tashkil etmoqda. Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash bilan bog‘liq investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirish, shu bilan birga, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani yanada rivojlantirish bankning ustuvor vazifalariga aylanmoqda.

Belgilangan rejalar ijrosini ta’minlash, ayniqsa, qishloq joylarda zamonaviy uy-joylarni barpo qilish yuzasidan aniq, manzilli chora-tadbirlar ko‘rilyapti. Natijada o‘tgan 2018 yilning o‘zida investitsiya maqsadlari uchun ajratilgan kreditlar mablag‘lari hajmi ancha oshib, 38,8 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Bu 2017 yilning shu davridagiga nisbatan 312 foiz ko‘p demakdir. Shu davr ichida bevosita iqtisodiyotning real sektori korxonalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 6,9 mlrd. so‘mlik kredit mablag‘lari yo‘naltirildi.

Jamoamiz investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirishga nafaqat milliy valyutadagi mablag‘lar, balki xorijiy kredit liniyalarini ham keng ko‘lamda jalb qilishga intilyapti. Bu esa, o‘z navbatida, tadbirkorlik sub’ektlariga chet eldan xorijiy valyutaga eng zamonaviy dastgohlar va texnologik uskunalarni sotib olish imkoniyatlarini yaratmoqda.

- Korxonamiz tashkil etilganidan buyon "Qishloq qurilish bank" bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz,- deydi Bog‘ot tumanida faoliyat yuritayotgan "Yovmut Nihol" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ravshan Rajabov. – Xususan, ushbu muassasa ko‘magida o‘z tadbirkorlik faoliyatimizni yo‘lga qo‘ydik. Shu hisobga 14 ishchi o‘rni yaratdik. Hozirda atir sovunlari, kir yuvish kukuni va boshqa tur mahsulotlarni ishlab chiqaryapmiz. Tayyorlayotgan mahsulotlarimiz xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. Buyurtma beruvchilar safi kengaymoqda. Buning uchun moliyaviy ko‘makchimiz bo‘lgan bank jamoasiga minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Ayni kunda Prezidentimizning 2017 yil 12 sentyabrdagi "Respublika bank tizimini yanada rivojlantirish va barqarorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori amaliyotga izchil tatbiq etilmoqda. Shu asosda moliya muassasamizning resurs bazasini mustahkamlash, aholining bank sohasiga ishonchini oshirish maqsadida xizmat turlarini ko‘paytirish, sifati hamda jozibadorligini oshirish tadbirlari ko‘rilmoqda.

 TARMOQDA – "UZCARD" TO‘LOV TIZIMI

 Hozirda bank muassasamizda "URI" xalqaro to‘lov tizimi plastik kartochkalarini "UZCARD" to‘lov terminallari orqali qabul qilish loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda ilk bor joriy etilayotgan ayni amaliyotni bajarish uchun terminallarga maxsus dastur yuklab olinishining o‘zi kifoya.

Shu tufayli bankimiz terminallarida bir vaqtning o‘zida "UZCARD" va "Unionray lnternational" xalqaro to‘lov tizimi kartochkalarini qabul qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Yangi tizim dastlab mamlakatimizning turizm markazlaridan biri hisoblangan Xiva shahri hamda sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqa shoxobchalarda o‘rnatilib, barcha xorijlik mehmonlarga namunali xizmat ko‘rsatmoqda.

Xalqaro to‘lov tizimi plastik kartochkalariga ega bo‘lgan xorijlik sayyohlar endilikda "UZCARD" terminallari orqali to‘lovlarni hech qanday cheklovlarsiz amalga oshirishlari mumkin. Kelgusida bank tomonidan boshqa xalqaro to‘lov tizimlarini ham yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, bankimiz tomonidan xorijlik sayyohlarga namunali xizmat ko‘rsatilishini tashkil etish maqsadida Xiva shahridagi "Ichan-qal’a"
davlat muzey-qo‘riqxonasida valyuta ayirboshlash shoxobchasi tashkil qilinib, u xalqaro to‘lov kartalarini qabul qiladigan terminallar bilan ta’minlandi. Bundan tashqari bankimizning Xonqa va Xiva tumanlaridagi filiallari mijozlari bo‘lgan mehmonxonalar hamda turizm operatorlari ham xalqaro to‘lov kartochkalarini qabul qiladigan terminallarga ega bo‘lmoqdalar.

Turizmni rivojlantirish borasidagi islohotlarga hamohang tarzda amalga oshirilayotgan bu kabi chora-tadbirlar yurtimizga tashrif buyurayotgan
sayyohlar sonining yanada oshishiga munosib hissa bo‘lib qo‘shilmoqda.

"QQB-MOBILE" - MIJOZLAR XIZMATIDA

 

Yaqinda muassasamizda mijozlar uchun keng-ko‘lamda qulayliklar yaratish maqsadida "Android" platformasi asosida ishlaydigan "QQB-mobile" mobil  ilovasi joriy etildi.

Endilikda, bankimiz mijozlari ushbu zamonaviy dasturdan foydalanib, mobil  aloqa operatorlari, shahar telefoni, internet provayderlari, raqamli televidenie xizmatlari, iste’mol va ipoteka kreditlari hamda kommunal to‘lovlarni tez va soz amalga oshirishlari mumkin.

Shu bilan birga, mobil  ilova orqali hisob raqamlar holatini kuzatish va ularni to‘ldirib borish "Online Smart Vista" plastik karta qoldiqlari hamda ularning aylanmalari bo‘yicha ma’lumotlarni olish, yo‘l harakati qoidalari buzilishi oqibatida belgilangan jarimalarni to‘lash mumkin.

Qolaversa, mazkur dasturdan foydalanuvchilar yana bir imkoniyatga ega bo‘lishdi. Gap shundaki, "MUNIS" to‘lov tizimi orqali "QQB-mobile" ilovasi yordamida "Qishloqqurilishbank" ATB plastik kartochkasidan mablag‘larni boshqa bank plastik kartochkasiga o‘tkazishdek muhim jarayon ham yo‘lga qo‘yildi.

Bankimizda joriy etilgan yangiliklardan yana biri, xalqaro pul o‘tkazmalari uchun mijozlardan mablag‘larning milliy valyuta - so‘mda qabul qilinib, chet elga jo‘natilishining joriy qilinganligidir. Hozirda xorijda istiqomat qilayotgan, xizmat safarida yoki sayohatda bo‘lgan, xorijiy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan farzandlari, yaqin qarindoshlari, tanishlari va boshqa jismoniy shaxslar nomiga milliy valyuta pul mablag‘larini jo‘natgan holda, xorijda qabul qiluvchi fuqaro uni tegishli davlat pul birligida yoxud AQSh dollari yoki evro tarzida olishi mumkin. Bank mijozlari o‘zlarining plastik kartochkalaridagi mablag‘lari hisobidan ham xorijga pul jo‘natmalarini amalga oshirishlari mumkin. Joriy etilgan va etilayotgan bu kabi
yangiliklar asosida mijozlarga yanada qulaylik yaratish, zamonaviy to‘lov xizmatlaridan foydalanish, qiyinchiliklarga duch kelmasliklari uchun muassasamizning malakali xodimlari har bir mijozni yangiliklar
bilan batafsil tanishtirib borishmoqda.

Aholining pul jamg‘armalari harakati bilan bog‘liq amaliyotlarni masofadan turib boshqarishni takomillashtirilishi doimiy diqqat-e’tiborda. So‘nggi vaqtda shu yuzadan joriy etilgan amaliy faoliyatimiz barcha mijozlarimizga ma’qul bo‘ldi. Omonatchilarga masofadan turib ko‘plab to‘lovlar bo‘yicha tegishli amaliyotlarni bajarishlari imkoniyati yaratildi. "QQB-mobile" dasturidan foydalanish imkoniyati bo‘lmagan ("Android" platformali telefon apparati yo‘q bo‘lgan) jismoniy shaxslar ham bank filiallarining infokiosklari yoki bankomatlari orqali pul jamg‘armalari bo‘yicha amaliyotlarni bemalol bajarishlari mumkin. Shu bilan birga, mazkur loyiha doirasida joriy yilda filiallarimizdagi mavjud bankomatlar orqali mijozlarga omonat mablag‘larining naqd pul shaklida berilishini yo‘lga qo‘yish mo‘ljallanmoqda.

Aholining bankimizga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish, omonatchilarning bo‘sh pul mablag‘larini bankimizda joylashtirganliklari uchun rag‘batlantirilishi barqaror depozit bazasi shakllanishiga xizmat qilmoqda.

-"Qishloq qurilish bank" dagi omonat turlari menga ma’qul kelganligi sababli bo‘sh pul mablag‘larimni ushbu bankka joylashtirishga qaror qildim,- deydi urganchlik Sayyora Xajiуeva. – Bordiyu, omonatga qo‘yilgan mablag‘larimning asosiy qismi oylik foizlarini olishda, muddati kelganda uni qayta rasmiylashtirishni ayrim sabablarga ko‘ra, amalga oshira olmay qolsam, bank xodimlari telefon qo‘ng‘irog‘i yoki "SMS-xabarnoma"si xizmati orqali masalani hal etishi tadbirlarini ko‘rishadi. "Qishloq qurilish bank" da omonatchilarning manfaatlarini himoya qilish va ularning bo‘sh pul mablag‘laridan muntazam ravishda daromad olishlarini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlardan mamnunman.

Bugun viloyatimizning qaysi bir bankiga bormang, o‘sha joyda "24/7" raqami ko‘zga tashlanadi. Bu elektron ofis bo‘lib, tegishli muassasa haftaning 7 kunida ham 24 soat mobaynida uzluksiz ishlashi ma’nosini anglatadi. Barcha tijorat banklari qatori tuman va shaharlarning dehqon bozorlari hududlarida, shuningdek, boshqa aholi gavjum joylarda o‘rnatilgan ofislarimiz kecha-yu kunduz aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Ushbu elektron ofislarning o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi uskunalar bilan jihozlanganligi tufayli aholi keng tarmoqli bank xizmatlaridan bahramand bo‘lmoqda.

Ularda joylashgan bankomatlar orqali fuqarolar kunning istalgan vaqtida plastik kartalaridagi xohlagan miqdordagi pulini naqdlashtirishlari, infokiosklar vositasida turli to‘lovlarni amalga oshirishlari, plastik karta hisobvarag‘i harakati to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lishlari, "SMS"-xabarnomasi xizmatiga ulanishlari, qolaversa, avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash shoxobchasi orqali xorijiy valyutadagi pul birligini milliy valyuta - so‘mga ayirboshlashlari mumkin.

Bankimiz xodimlari mijozlarga sifatli, tezkor va ishonchli xizmat ko‘rsatish, aholining bankka bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, ularning jamg‘argan mablag‘laridan unumli va o‘rnida foydalanib, turmush farovonligini oshirib borishlari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga harakat qilishmoqda.

Xalqimizga tezkor, sifatli xizmat ko‘rsatishga hamisha tayyormiz!.

Jahongir JUMANIYOZOV,

 "Qishloq qurilish bank" aksiyadorlik tijorat banki Xorazm mintaqaviy filiali boshqaruvchisi.


So'ngi yangiliklar