ISTE’DODLI YOSHLAR: YUTUQLAR, REJALAR

2019-06-08 Tadbirkorlik

Beshta tashabbus – besh imkoniyat

Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidor-salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida keng miqyosdagi ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz raisligida joriy yilning 19 martida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarni har tomonlama barkamol voyaga etkazishga qarata ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus barchamiz uchun muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Beshta tashabbusning uchinchi tashabbusi - aholi va yoshlarning kompyuter texnologiyalari hamda internetdan foydalanish ko‘nikmalarini oshirishdan iborat bo‘lib, uning ro‘yobini ta’minlash maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunday sa’y-harakatlar natijasida o‘g‘il-qizlarning o‘qishga, izlanishga bo‘lgan qiziqishi yanada ortmoqda.

Bugungi kunda axborot texnologiyalarini tez va oson o‘rganishda qo‘llanma va videodarsliklarning o‘rni beqiyos. Shu maqsadda bir guruh yosh mutaxassislar
"IT-master" nomli Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha bilimlarni tez va oson o‘rgatuvchi o‘quv dasturlari majmuasini yaratishni reja qilib qo‘ydilar. Ushbu o‘quv majmuasi 200 dan ziyod videodars hamda maxsus internet portaldan tashkil topadi. "IT-master" dasturi yoshlarga soha bo‘yicha tushuncha berish bilan bir qatorda, ularning boshlang‘ich kompyuter savodxonligi bo‘yicha bilimlarini oshiradi. Internetda keng tarqalgan, ijtimoiy-axloqiy me’yorlarga zid bo‘lgan axborotlarni farqlash, ulardan saqlanish internetdan xavfsiz va unumli foydalanish ko‘nikmalarini beradi.

Aholi va yoshlarning kompyuter texnologiyalari hamda internetdan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish maqsadida tumanlar miqyosida raqamli texnologiyalar, robototexnika va kibersport, kompyuter texnologiyalari bo‘yicha to‘garaklar tashkil qilinmoqda. Xususan, joriy yilda Gurlan, Xiva tumanlari va Urganch shahrida to‘garaklar tashkil qilindi. Kelgusida viloyatimizdagi 522 ta umumta’lim maktabida mazkur yo‘nalishdagi to‘garaklarni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shu kunga qadar, viloyatdagi 522 ta maktabning 512 tasi axborot-kommunikatsiya tarmog‘i orqali aloqa liniyalariga ulangan. Shundan 202 tasi yuqori tezlikli internet tarmog‘i bilan ta’minlangan. Mazkur maktablarda mavjud bo‘lgan kompyuterlarning 4714 tasi internet tarmog‘iga ulangan.

Viloyatimizda yoshlar yaratilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalangan holda o‘z iqtidorlarini namoyon qilishmoqda. Jumladan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialining talabalari – T.Ernazarov, B.Matyoqubov tomonidan "Aqlli-uy", "Aqlli-ko‘cha" loyihalari ishlab chiqilgan. Bu loyihalarning ahamiyatli jihati shundaki, raqamli texnologiyalar orqali uy va ko‘chalarga o‘rnatilgan qurilmalar intellekt-lashtirilgan holda boshqarish imkoniyatini yaratadi.

Muhimi, viloyatimizda aholi va yoshlar o‘rtasida internetdan samarali foydalanish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Xiva shahrida "raqamli texnologiyalar va IT-tadbirkorlik o‘quv-markazi" tashkil etilganligi yoshlarni kompyuter texnologiyalaridan samarali foydalanishlariga xizmat qiladi. 2020 yilga borib viloyatda bunday markazlarni yana 12 taga etkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, yoshlarni bilim va salohiyatlarini yanada kengroq namoyon etishlari uchun "Men kelajak dasturchisiman" shiori ostida turli tanlov va
festivallar o‘tkaziladi. 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan rejaga ko‘ra, umumta’lim maktablarida tashkil etilgan kompyuter to‘garaklarini kibersport va bolalarni aqliy rivojlantirishga xizmat qila-digan o‘yinlar bilan ta’minlash, optik tolali aloqa liniyalarini qurish, QR-kodlar yordamida elektron dasturlar va o‘yinlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirish va ularni mobil qurilmalarga yuklab olish hamda undan foydalanish imkoniyatini yaratish maqsadida tizimli ishlar
amalga oshirilib kelinmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidor va salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun qilinayotgan barcha ezgu ishlar kelajakda o‘z samarasini beradi.

Anvar ADAMOV,

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi bo‘lim mudiri.


So'ngi yangiliklar