YO‘LOVCHILAR UCHUN ZAMONAVIY BEKATLAR

2019-05-03 Qaror va ijro

Urganch shahrining Fayozov ko‘chasida zamonaviy bekat qurilib, foydalanishga topshirildi. Ushbu bekat nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki yo‘lovchilar uchun qulayligi bilan ajralib turadi – uning yozda salqin, qishda issiq bo‘lishi nazarda tutilgan. Bundan tashqari, ushbu bekatda jamoat transportining harakat jadvali ilib qo‘yilishi, bepul Wi-fi- internet tarmog‘idan foydalanish xizmati hamda muzqaymoq va boshqa tur mahsulotlarni xaridi yo‘lga qo‘yilishi ham ko‘zda tutilmoqda. - Viloyatimizda aholiga transport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash bo‘yicha qator vazifalar belgilangan, - deydi O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Rahmatjon Boboуev. - Joriy yilda ko‘chalar va yo‘llarda ana shunday zamonaviy bekatlarning 68 tasi qurilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, agentlik huzurida "Avtotrans Xorazm" unitar korxonasi tashkil qilinib, 20 ta ISUZU rusumli avtobuslar xarid qilindi.

Urganch shahrida faoliyat yuritayotgan "Xorazm rent car tovr" mas’uliyati cheklangan jamiyati "Asaka" bankining viloyat bo‘limi tomonidan berilgan 367,0 ming AQSh dollari miqdoridagi kredit evaziga Xitoy davlatidan "Yutong" rusumli 4 ta avtobus va 1 ta mikroavtobus sotib oldi. Xarid qilingan zamonaviy avtobuslar viloyatimizga tashrif buyurayotgan chet ellik sayyohlarga xizmat ko‘rsatmoqda.

-Yangi bekatning qurilishi har jihatdan qulay bo‘ldi, - deydi 30-sonli mahallada istiqomat qiluvchi Remajon Jumaniyozova. - Chunki endi ro‘zg‘orda kerakli bo‘lgan mahsulotlarimizni uzoqqa bormasdan, shu erdan xarid qilishimiz imkoniyati yaratildi. Shuningdek, yo‘lovchilarning kutish zalida ham barcha sharoitlar yaratilgan.

2019-2021 yillar davomida viloyatimizga yana ko‘plab zamonaviy avtobuslarning keltirilishi hisobiga yangi ish o‘rinlari yaratiladi va xizmat ko‘rsatish ko‘lamlari
tag‘inda kengaytiriladi.

O‘.RAHIMOVA.


So'ngi yangiliklar