"RAQS SEHRI" QALBLARNI YANADA XUSHNUD ETDI

2019-09-16 Davlat dasturi

Xiva shahrida 14-16 sentyabr kunlari "Raqs sehri" Xalqaro festivali ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lib o‘tdi. San’at, iste’dod do‘stlik bayrami qalblarga yanada quvonch, shodlik bag‘ishladi.

...Azal-azaldan olamni o‘ziga maftun etib kelayotgan qadim Xiva yana bayramona libosga burkandi. "Dishonqal’a" va "Ichan-qal’a" bo‘ylab "Raqs sehri" Xalqaro festivaliga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Turfa gullar, qirmizi gilamlar, festival mazmun-mohiyatini belgilab turgan shiorlar, rang-barang bannerlar... Ayniqsa, tantanalarning asosiy jarayonlari bo‘lib o‘tadigan Ko‘hna Ark majmuasi Respublikamiz va Xalqaro miqyosdagi tadbirlar o‘tkaziladigan munavvar va muhtasham go‘shaga aylandi. Xuddi mana shu Ko‘hna Arkda Xivaning ikki ming besh yuz yilligi, Xorazm Ma’mun akademiyasining ming yilligi, Komiljon Otaniyozov tavalludining yuz yilligi tantanalari barchaga shodlik, quvonch ulashdi. YAna qanchadan- qancha xalqaro anjumanlar, nufuzli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar mana shu Ko‘hna Arkda o‘tgan. Oldingi bo‘lib o‘tgan "Raqs sehri" Xalqaro festivallarida faxr va g‘urur bilan ta’kidlanganidek, Xorazm raqs san’ati ustalari Roviyajon Otajonova, Gavhar Matyoqubova, Gulchehra Ismoilova, Malohat Matjonova, shuningdek, Respublikamizning taniqli raqqosalari Malika Ahmedova, Qizlarxon Do‘stmuhammedova, Ma’mura Ergasheva, Feruza Solihovalar turli anjumanlarda Ko‘hna Arkda xirom aylab, san’atsevar  muxlislarning dillarini shodliklarga to‘ldirganlar, olqishlarga sazovor bo‘lganlar.

Istiqlol yillarida viloyatimiz jozibasi yanada ortib, dunyoning barcha mamlakatlaridan kelayotgan sayyohlar uchun Xiva, uning "Ichan-qal’a"si chinakam hayrat maskani, tantanalar makoniga aylandi. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi, Xorazm viloyati hokimligi, "Ichan-qal’a" Davlat muzey-qo‘riqxonasi hamkorligida bu yilgi "Raqs sehri" Xalqaro festivaliga ham puxta hozirlik ko‘rildi.

Viloyatimizga tashrif buyurgan festival ishtirokchilari, diplomatik korpus va xorijiy tashkilotlar vakillari yangidan bunyod etilgan muhtasham "Xiva" vokzalida kutib olindi.

Festivalning ochilish marosimida Xorazm viloyati hokimi F.Ermanov voha ahli nomidan barchani ushbu qutlug‘             tantana bilan qizg‘in qutladi va Xivada o‘tkazib kelinayotgan "Raqs sehri" Xalqaro festivali hayotimizni kundan-kunga go‘zal, mazmundor, turmushimizni tobora farovon bo‘lishida, ayniqsa, millatlar o‘rtasidagi hamjihatlik, totuvlik, do‘stona munosabatlarni mustahkamlab, sayyohlik sohasi rivojiga muhim hissa qo‘shayotganligi, xalqimizni yangi mehnat g‘alabalari, yutuqlarga chorlayotganligi, yangi yosh iste’dodlarni izlab topish va ularni tarbiyalash, qo‘llab-quvvatlashda muhim va ta’sirchan vosita bo‘lishini alohida ta’kidladi.

Belgilangan dastur tadbirlari doirasida Xorazm Ma’mun akademiyasida festival ishtirokchilari va ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan birgalikda matbuot anjumani, Urganch  tumanidagi G‘oybu qishlog‘ida joylashgan "O‘zbek-turkman do‘stlik uyi"da ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. "Ichan-qal’a" hududi bo‘ylab shaharlar va tumanlar folklor-etnografik ansambllarining chiqishlari, dorbozlar tomoshalari, Xorazm milliy nonlarining tayyorlanish jarayonlari, oshpazlar mahorati namoyish etildi. Juma masjidida tashkil etilgan "O‘zbekiston milliy raqs san’ati" suratlar ko‘rgazmasi barchada chuqur taassurot qoldirdi. Mahalliy hunarmandlar yarmarkasi tashkil etildi. Tasviriy va amaliy san’at ko‘rgazmasi oldi gavjum bo‘ldi. Xorazm musiqali drama va viloyat qo‘g‘irchoq teatrlarining tomoshalari festival mazmun-mohiyatini yanada oshirdi. Muhammad Aminxon madrasasining ichki ayvonida liboslar, soch turmaklash bo‘yicha tanlovlar bo‘lib o‘tdi. Ko‘hna Arkda raqs ustasi bilimdonlari - O‘zbekiston Respublikasi xalq artistlari Gavhar Matyoqubova, Malika  Ahmedova kabi ustoz san’atkorlarning mahorat darslari o‘tkazildi.

Uch kun davom etgan festivalning oxirgi kunida Ko‘hna Ark majmuida  tashkil etilgan har ikkala tomoniga katta monitorlar o‘rnatilgan jozibador sahnada "Raqs sehri" Xalqaro festivalining yopilishi marosimiga bag‘ishlangan tantana bo‘lib o‘tdi. Unda Polsha va Turkmaniston raqs jamoalari birinchi, Indoneziyaning raqs guruhi, O‘zbekiston filarmoniyasi Xorazm viloyati bo‘limi raqqosalari, Gruziyaning "Rustavi" raqs jamoalari ikkinchi, "Lazgi" ashula va raqs jamoasi, Qozog‘iston va Tojikiston, Hindistondan kelgan raqs jamoalari uchinchi o‘rinni egallashdi va diplomlar, qimmatbaho  esdalik sovg‘alari, AQSH dollari hisobida pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.

Ozarbayjondan kelgan raqs jamoasi festivalning "Gran-pri" mukofotini olishga sazovor bo‘ldi. "Eng yaxshi          milliy raqs", "Qadimiy va jozibali raqs", Eng yaxshi mumtoz raqs" va yana o‘ndan ortiq yo‘nalishlar bo‘yicha ham g‘oliblar taqdirlandi. Ular orasida Dilnoza  Ortiqova, Muborak Qodirova, SHohida Otaeva kabi xorazmlik iste’dodli raqqosalar bor. O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti, "Mehnat shuhrati" ordeni sohibasi Gavhar Matyoqubova "Eng yaxshi baletmeyster" yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi.

Taqdirlangan g‘oliblarni Xorazm viloyati hokimi F.Ermanov va O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining         birinchi o‘rinbosari O.Nazarbekovlar muborakbod etishdi.

YAkuniy gala konsert boshlandi.  Katta qiziqish, hayrat va hayajonlar bilan  davom etgan ushbu konsert davomida ishtirokchilar raqs chindan ham hech qanday izohlarsiz, tarjimasiz, ta’kid va           eslatishlarsiz  barchaga teng zavq-u shavq, ma’naviy rag‘bat, yuqori kayfiyat, shodlik, quvonch ulashishining guvohi bo‘lishdi. "Xorazm lazgisi" yangraganida xorijiy mamlakatlardan kelishgan turli millat  vakillari davrani to‘ldirib, yayrab raqsga tushib ketishdi. Hindiston, Italiya, YAponiya, Polsha va boshqa  xorijiy mamlakatlarning raqs jamoalari, Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston, Ozarbayjondan kelgan raqs jamoalari ham o‘zlarining milliy, maftunkor raqslarini namoyish etishdi. Tomoshabinlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan kelishgan raqs jamoalarining chiqishlarini qarsaklar bilan olqishlab turishdi. "Lazgi afsonasi" deb nomlangan raqslar guldastasida Xorazmning    to‘qqizta lazgisidan namunalar namoyish etildi. Raqslar nafaqat qadim Xivani, balki ko‘ngillarni bezadi, barchaga birday  ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Festivalning yuksak darajada o‘tishiga hissa qo‘shgan fidoyi tashkilotchilar   bilan suhbatlashdik."Raqs sehri" Xalqaro festivalining bosh rejissyori Asqarbek Xolmo‘minov bu yilgi festival har qachongiga qaraganda o‘zgacha, juda keng davralarda shodiyonalik bilan o‘tganligiga hissa qo‘shganligidan mamnun  ekanligini bildirdi. Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari Temur Davletov festivalga Fransiya, Italiya, YAponiya, Hindiston, Malayziya kabi yigirmaga yaqin xorijiy mamlakatlardan raqs jamoalari tashrif buyurganliklari, bu nufuzli anjuman Xorazmda sayyohlikni rivojlantirishga katta hissa qo‘shishini ta’kidladi.

"Ichan-qal’a" Davlat muzey-qo‘riqxonasi direktori SHonazar Matyoqubov o‘zi bosh jamoa zimmasidagi mas’uliyatni  chuqur anglagan holda festival  ishtirokchilarini, aziz mehmonlarni, san’at ixlosmandlarini kutib olish,     anjumanning har tomonlama yuksak         darajada o‘tishi uchun puxta tayyorgarlik ko‘rganligini bildirdi.

"Mirzaboshi" mehmonxonasi rahbari, yaqindagina "Mehnat shuhrati" ordeniga musharraf bo‘lgan Zaynabjon Abdullaeva ayni festival arafasida mehmonxona bilan yonma-yon joylashgan milliy taomlar oshxonasi yanada kengaytirilganligini, xizmat turlari ko‘paytirilganligini mamnuniyat bilan so‘zladi.

Festivalning butun ruhi, mohiyati mujassam yangi taronani olqishlar ostida va barcha ishtirokchilarning zavq bilan raqsga tushishlari barobarida kuylagan O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Ravshanbek Matyoqubov, shuningdek, xorazmlik baxshilar,  xalfalar chiqishlari, ayniqsa, dillarni quvonchlarga to‘ldirdi.

Festival dasturlaridan bahramand bo‘lishgan mehmonlar dil izhorlarini quvona-quvona to‘lqinlanib gapirdilar.

- Bir guruh hamrohlarim bilan uzoq asrlik tarixi va madaniyatiga ega Xorazmga tashrif buyurganimizdan nihoyatda  shodmiz, -dedi Amerika Qo‘shma SHtatlaridan kelgan sayyoh Deyl Beyker. - Ayniqsa, Xivaning "Ichan-qal’a"sida bo‘lib  o‘tayotgan mana bu festival tantanasi bir umr yodimizda qoladi.

- Men muzey xodimiman, - dedi rossiyalik Asya Mixaylova.- Xiva chindan ham ochiq osmon ostidagi mo‘‘jizakor muzey shahar ekan. Mana bunday tantanalar esa bu azim shaharga yanada salobat, navqironlik bag‘ishlab turibdi.            Festivalda ajoyib, dilkash inson, o‘lkashunos Komiljon Nurjonov bilan tanishdik. U bizni o‘zi rahbarlik             qilayotgan "Avesto" muzeyiga taklif qildi. Rahmat! Xorazmliklarga umringiz san’at kabi go‘zal bo‘lsin, deymiz.

- SHerg‘ozixon madrasasida bizning vatandoshimiz, ulug‘ shoir Maxtumquli tahsil olgan. Xorazm, Xiva yuragimizga yaqin. Ana shu eldoshimiz ruhi qo‘llab mana birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldik, - dedi turkmanistonlik "Doston" ansambli rahbari Davlatgaldi Ashirov. - San’at, raqs do‘stligimizni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi isbotlandi.

Italiyalik Massimo CHelutti, hindistonlik Simriti Alditiya, polshalik Aleksandra Reblinski, gruziyalik              Gvansa Metreveli, qozog‘istonlik Tumor Kabdenova, ukrainalik Marina Volfina, xitoylik Xu Lin, fransiyalik Soniya Reyn va boshqa xorijiy mehmonlar ham festivaldan nihoyatda mamnunligini, o‘z yurtlariga borib Xorazm san’ati, milliy raqslarini targ‘ib qilish niyatida ekanliklarini bildirishdi.

Ha, Xivada bo‘lib o‘tgan "Raqs sehri" Xalqaro festivali "Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!" g‘oyasini o‘zida mujassam etib, o‘zaro mehr-oqibat,  tinchlik, do‘stlik, yaratuvchilik, go‘zallik, bunyodkorlik tuyg‘ularini yanada ulug‘ladi. Anjuman shukuhidan bahramandlik eldoshlarimizni yangi-yangi marralarni zabt etishga, hayotimizni, turmush tarzimizni xuddi raqsning o‘zidek go‘zal, maftunkor bo‘lishiga undayversin.

Abdulla SAFOEV,

"Xorazm haqiqati" gazetasi muxbiri.

Murodjon BOLTAEV olgan suratlar.


So'ngi yangiliklar