QO‘SHIG‘IMDA NAVRO‘Z TARANNUMI

2019-03-15 Ma`naviyat

Siz kutgan uchrashuv

Kurtaklar uyg‘ondi, dillar uyg‘ondi

YUraklar to‘lg‘onib gullar uyg‘ondi.

Navro‘z sabolari jonni yayratar

Bu olam og‘ushi gulga burkandi.

Navro‘z chog‘i do‘stlar aytingiz alyor,

Alyorga jo‘r bo‘lsin soz ila ash’or.

... Tinch va osoyishta, go‘zal va betakror diyorimizning har go‘shasida ulkan bunyodkorliklar, yaratuvchiliklardan, bugunimiz va kelajagimizning yorqin bo‘lishidan dalolat berguvchi Navro‘z tarannumi uzoq-uzoqlarga taralib, ko‘ngillarga surur va g‘urur bag‘ishlaydi. Tobora avj pardalarda yangrayotgan qo‘shiq ijrochisi - xalqimizning suyukli hofizi, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Ortiq Otajonov.

Taniqli san’atkor qutlug‘ qadamlar bilan tobora yaqinlashib kelayotgan Navro‘zi olam bayramini ezgu tilaklar, xush kayfiyat, el-yurtga xolis xizmati bilan qarshilamoqda. O‘tgan yili san’atkor ko‘p yillik samarali xizmatlari uchun "Fidokorona xizmatlari uchun" ordeni bilan mukofotlandi. Ko‘p sonli mushtariylarimizning istaklariga ko‘ra mashhur san’atkorimizni suhbatga chorladik. Muloqotimiz Ortiq Otajonovning hayot yo‘llari, el-yurtga sadoqatli xizmati, o‘zbek san’ati va madaniyatini targ‘ib qilish borasidagi uzoq yillik samarali mehnat faoliyati haqida davom etdi:

- Ortiq og‘a, Sizni Navro‘zi olam bayrami bilan tabriklaymiz. Ayni mana shunday shukuhli lahzalarda har bir inson ham o‘tgan umriga nazar tashlaydi. "Nimalar qilishga ulgurdim?", "El-yurtimga qanday naf keltirdim?", "Ustozlarning ishonchini oqlay oldimmi?", deya o‘z-o‘ziga savol beradi. Shu ma’noda keling, o‘tgan hayot yo‘lingizga nazar tashlasak.

- Rahmat! Ayni etmish yosh ostonasidan o‘tib, qaynoq ijod pallasida mening shunday yuksak nishon bilan taqdirlanganim, Prezidentimiz tomonidan bildirilgan katta e’tibor, e’zoz va ehtirom, ishonch nishonasi deb bilaman.

Bu xushxabardan ko‘nglim qushlari osmonlarga parvoz qildi, boshim ko‘kka etdi.
Minnatdorman. Hali xalqim oldida ko‘p-ko‘p xizmatlar qilish niyatim bor.

Mana shunday quvonchli kunlarda bosgan izlarimizga nigoh tashlasak yomon bo‘lmas. Men 1947 yil 30 yanvarda Bog‘ot tumanidagi Paxtakor qishlog‘i, "Xitoy" mahallasida tug‘ilganman. Otam Otajon Shermatov dehqon odam bo‘lgan. Lekin baliqchilik bilan ham shug‘ullanganlar. San’atni juda qadrlab, sozanda, xonandalarni chorlab, ulfatchilik qilardilar. Onam CHinni Otajonova ham san’at shinavandasi, xalq dostonlarini yaxshi bilar, xalfachilikdan xabari bor edi. Meni san’atga oshno etgan ota-onamdan minnatdorman. Qishloqdagi o‘rta maktabni tugallab, Urganch shahridagi Matyusuf Xarratov nomli musiqa bilim yurtining rubob ixtisosligi bo‘limida tahsil oldim. Toshkentdagi Abdulla Qodiriy nomli madaniyat institutini sirtdan tugalladim. Muhiddin Qoriyoqubov nomidagi o‘zbek davlat filarmoniyasida, "Lazgi" ashula va raqs ansamblida xonanda, keyin shu ansamblda olti yil badiiy rahbar bo‘lib ishladim... bugungi kunda ham mamlakatimiz miqyosida o‘tkazilayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlarda qatnashyapman. O‘zbek san’ati dovrug‘ini dunyoga taratishga hissa qo‘shayotganim bilan faxrlanaman.

- O‘tgan yili 70 yoshga qadam qo‘yishingiz munosabati bilan Respublika televideniesining "Ma’naviyat va ma’rifat" kanalida Siz haqingizda tayyorlangan telefilm namoyish qilinib, unda Xorazm san’atini butun jahonga taratishdagi xizmatlaringiz e’tirof etildi. Sizga samimiy istaklar bildirildi. O‘sha lahzalarda ko‘nglingizdan nimalar kechdi?

- Sezgan bo‘lsangiz o‘shanda minnatdorchiligimni qanday izhor qilishni bila olmay bir necha daqiqa sukut qildim, ko‘zlarimga yosh keldi. Bu, albatta, mening kamtarona xizmatlarimni, san’atimni shu qadar qadrlayotgan xalqimga, muxlislarimga bo‘lgan yuragim yaqinligidan, eldoshlarimga hurmatim, mehr-muhabbatim ziyoda ekanligidan... Orden bilan taqdirlanganimda ham qalbim minnatdorlik va xalqimga xolis xizmat qilish tuyg‘ulari bilan to‘lib-toshdi.

- Dasturingizda mingdan ziyod qo‘shiqlar bor ekan. Albatta, bu qo‘shiqlar matnini yod olish, yurakdan his qilgan holda kuyga solish, maromida kuylash oson emas. SHu qo‘shiqlar orasida ko‘nglingizga eng yaqinlari qaysilari deb bilasiz? Ayniqsa, Navro‘zni jo‘shib-jo‘shib kuylaysiz...

- Har bir qo‘shig‘im farzandimday aziz. Hammasi ham qadrli. Ammo "Ey nurli Vatan", "Xorazm farzandiman", "Ko‘nglimdadir", "Ota-ona", "Umr o‘tar, vaqt o‘tar...", "Yora qurbon bu jonim", "Do‘st uyida" kabi qo‘shiqlarimni, mumtoz navolarni muxlislarim qayta-qayta so‘rashadi. Navro‘z haqidagi qo‘shiqlarga kelsak, bular mening qalb ardog‘im. Axir xalqimizning buyukligidan, buguni porloq, ertasi bundanda yorqin bo‘lishidan darak berguvchi xalqimizning qadim qadriyati Navro‘zni men kuylamay kim kuylasin? "Zamin husni", "Bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas", "Diyorim Xorazm", "Xayolimda yashaysan bahor bo‘lib, navba-hor bo‘lib", "Turnalar", "Ona yurtim omon bo‘lgay" kabi qator qo‘shiqlarim borki, hammasida Navro‘z nafosati, yurtga mehr-muhabbat tuyg‘ulari tarannum etiladi. Bu yil ham bu ajoyib bayram haqida yangi qo‘shiq kuylayman.

- San’atga kirib kelishingiz jarayonida Siz qaysi san’atkorlarga ixlos qilgansiz, ular Sizni qaysi jihatlari bilan o‘ziga jalb qilgan?

- San’at yo‘liga kirmoqchi bo‘lganlar avvalo o‘qimishli, saviyasi baland, har taraflama bilimli, odob-ikromli, o‘z davrining, zamonasining peshqadam kishisi bo‘lishi, hamisha el-yurti tashvishi va quvonchi bilan yashashi kerak. Ana shunday iqtidorga, xislatlarga ega bo‘lgan Xojixon Boltaev, Madrahim Yoqubov-Sheroziy, Qurbonnazar Abdullayev - Bola baxshi, Ortiqxo‘ja Imomxo‘jaev, Fattohxon Mamadaliyev, Halima Nosirova, Berta Davidova, Jo‘rabek Murodov, Muhammadjon Mirzaev, Otajon Xudoyshukurov, Abduhoshim Ismoilovlarning ijodiga va insoniy fazilatlariga havas qilganman. Ayniqsa, asosiy ustozim Komiljon Otaniyozovning nomini alohida faxr bilan aytgim keladi. Ruhlari shod bo‘lsin, ustoz haqiqiy jonkuyar murabbiy edilar. So‘zlari o‘tkir, ma’noli, talabchan, jiddiy, o‘rni kelganida hazil-mutoyibaga boy, usta edilar. U kishining qanotlari ostida men kabi juda ko‘p ixlosmandlar taniqli san’atkor bo‘lib etishdilar. Bugun ham u kishini xalqimiz juda katta hurmat- ehtirom bilan esga olishadi, boy merosi - qo‘shiqlarini zavq bilan tinglashadi. Men ustozimdan bir umr minnatdorman, ruhi poklari oldida o‘zimni doimo qarzdor his qilaman. Mening elga tanilishimda Komiljon Otaniyozovning xizmatlari katta.

- Ilohim ustozingizning ruhlari Sizni doimo qo‘llab tursin. Endi o‘zingizning shogirdlaringiz haqida ham gapirsangiz?

- Shogirdlarim ko‘p. Qay birini aytay?! Abdulla Tillaev, Og‘abek Sobirov, Azamat Otajonov, Zafarbek Qurbonboyev, G‘anijon Meliqulov, Sultonposhsha O‘dayevalar ishongan shogirdlarim. Ammo meni g‘oyibona ustoz bilguvchi shogirdlarim ko‘p ekan. Bu ham san’atga, ustozlarga bo‘lgan mehr-ixlosning bir ifodasi. Ularning kamolidan quvonib yurish baxti biz ustozlarga nasib etsin.

- Sizni elaro tanilishingizda oilangizning ham hissasi katta deb bilamiz. Shu haqda ikki og‘iz?...

- Albatta, har qanday yaxshilik, yutuq oilaga bog‘liq. Uyda tinching, farog‘ating bo‘lsa, ishing yurishaveradi. Har qanday kasb egasining shu kasbi bilan elga tanilishida oilasining o‘rni bo‘lak bo‘ladi. Xudoga shukur, men baxtli oila sohibiman. Meni tushunadigan, ijodimni qadrlaydigan oilam bor. Turmush o‘rtog‘im Gulsara bilan to‘rt nafar farzandni kamolga etkazdik. Qizlarim Karomat, Xosiyat-iqtisodchi, o‘g‘illarim Ulug‘bek, Zokirjon mening izimdan borishyapti. O‘n bir nevaram bor. Chevara ham ko‘rdik. Alisher degan nevaram yaxshi-yaxshi
qo‘shiqlar kuylashga harakat qilyapti. Kinolarda rollar ijro qildi. O‘tgan yili poytaxtdagi "Istiqlol" san’at saroyida oilaviy konsert ham berdik.

- Sizning jahongashta san’atkor sifatida Kanada, Hindiston, Amerika, Yaponiya, Malayziya, Eron, Turkiya, Germaniya, umuman 34 xorijiy mamlakatda bo‘lganligingizni bilamiz. Safar chog‘larida, ko‘nglingizdan nimalar kechgan?

- Ustoz Komiljon Otaniyozov kuylagan "O‘zga elning bog‘i bilan bog‘chasi o‘z elingni yontog‘icha ko‘rinmas" degan qo‘shiq baytlari qulog‘im ostida jaranglaganday bo‘laveradi. Ko‘z oldimda kun sayin chiroy ochayotgan ona diyorim namoyon bo‘ladi. YUrtim, xalqimni jo‘shib kuylayveraman.

- Ortiq aka, tabarruk etmish yoshdan oshdingiz. Lekin hamon tetik, bardamsiz. Navqironligingiz siri nimada? Baxt tushunchasini qanday tasavvur qilasiz?

- Avvalo, har bir odam sog‘lom turmush tarziga qattiq rioya qilishi kerak. Ozoda va sarishta yurishi lozim. Tibbiy madaniyat degan tushuncha har bir oilada shakllansa, katta-yu kichik sog‘lom, tetik, bardam bo‘ladi. Parhezga qattiq rioya qilaman. Ertalab toza havoda sayr qilishni yoqtiraman. Insonning ko‘ngli toza, qalbi pok, kamtar, samimiy bo‘lsa, kayfiyati ham yaxshi bo‘ladi. A’lo kayfiyat esa barcha dardlarni chekintiradi, tetiklashtiradi, ko‘ngilda yaxshi orzu-umidlar paydo bo‘ladi.

Baxt esa, eng avvalo, sog‘liqda, yurtimning tinchligida. Qolaversa, har kim o‘zi sevgan kasbi-kori bilan el-yurtiga xolis xizmat qilishida. Kimdir seni sog‘indimi, mana shuning o‘zi katta baxt. Shu yoshimda ham muxlislarimning ko‘pligi, meni uzoq-yaqindan yo‘qlab turadigan do‘stlarim, yurtdoshlarimning borligi, hurmat qilib, e’zozlab to‘ylarini o‘tkazib berishga taklif qilishlari, oila davrasi, do‘stlar diydori mana shularning hammasi baxt guldastasi deb o‘ylayman.

- Ayni donishmandlik faslida san’atkor sifatida qanday o‘y-xayollar, orzu-niyatlar kechyapti ko‘nglingizdan?

 - Eng katta baxtim O‘zbekistonda tu-g‘ilganligim deb bilaman. Mustaqil yurtimizning dovrug‘i dunyoga taralgan. Hamma sohada hech qachon, hech kimdan kam bo‘lmaganmiz, bundan buyon ham kam bo‘lmaymiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida katta-katta istiqbolli loyihalar, islohotlar amalga oshirilyapti. Xalqimiz tinch, turmushimiz farovon. Har kuni biror yangilik, xushxabarlarni eshitib, quvonamiz.

Yurtimiz osmoni hamisha mana shunday musaffo bo‘lsin. Elimizda tinchlik, osoyishtalik, salomatlik bo‘lsa, yaxshi kunlar, to‘ylar ko‘payaveradi. Ozod, obod yurtimizga to‘ylar, tomoshalar, bayramlar yarashadi. Bundan buyon ham san’atim bilan xalqim xizmatiga kamarbasta bo‘lish birdan-bir niyatim. Umrimiz, hayotimiz qo‘shiqdek go‘zal bo‘lsin!

...Hofiz yana qo‘liga torini oladi. Yana Navro‘z nafosati haqidagi tarona yangradi:

YAlpizlar gurkirab, atrin ufurdi,

Tomirda jo‘sh urib qonlar gupirdi,

Navro‘zing muborak jon O‘zbekiston!

Suhbatdosh Abdulla SAFOYEV,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi.


So'ngi yangiliklar