AKADEMIK–TALABALAR HUZURIDA 

2019-05-25 Ma`naviyat

Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha chuqur bilim olishlari, nazariya va amaliyotni uyg‘un tarzda olib borishlari va ta’lim-tarbiya  jarayonlarini yanada takomillashtirilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Endilikda, fanlar bo‘yicha mashg‘ulotlarning yanada ta’sirchan, mazmunli o‘tishi uchun yangi innovatsion uslub va shakllar hayotga tatbiq qilinmoqda. 2019 yil – "Faol investitsiyalar va  ijtimoiy rivojlanish yili"da oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga innovatsion rivojlantirish yo‘nalishlarini keng tatbiq qilish diqqat   markazida bo‘lmoqda. Bu jarayonda ta’lim muassasalarida ilm-fan  namoyandalari, taniqli olimlar,  ziyolilar, turli sohaning etuk mutaxassislari talabalar huzurida bo‘lib, ma’ruzalari bilan qatnashmoqdalar.

Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali va Urganch Davlat  universiteti talabalari huzurida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Saidahror  G‘ulomov ma’ruzalar bilan qatnashdi. Jumladan, akademik S.G‘ulomov o‘z ma’ruzasida mamlakatimizda yoshlarning bilim olishlari, qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishlari uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlarga alohida to‘xtalar ekan, ularning keyingi yillarda erishayotgan yutuqlarini mamnunlik bilan ta’kidladi. Ayniqsa, oliy ta’lim dargohlarida har daqiqadan oqilona foydalangan talaba kelgusida o‘z sohasining etuk mutaxassisi bo‘lib etishishini alohida qayd etdi.

Akademik S.G‘ulomov talabalar huzurida "Inson kapitalini rivojlantirishda intellektual qobiliyat va aqlli tibbiyotning roli" mavzusida  ma’ruza qildi. Ayniqsa, bu jarayonda axborot texnologiyalari vositalaridan o‘z o‘rnida foydalanilganligi mavzuning talabalar tomonidan yanada chuqur o‘zlashtirilishi garovi bo‘ldi. Ma’lumki, insonning ma’nan va jismonan sog‘lom bo‘lishi, kamol topishi oila va jamiyat uchun muhimdir. Donishmandlarimiz "Sog‘lom tanda - sog‘ aql" deya bejiz ta’kidlashmagan. Shu sababli har bir ota-ona o‘z farzandini bolalikdan sog‘lom ulg‘ayishi uchun harakat qiladi. Shunisi quvonarliki, bugungi kunda bolalarning iqtidorini juda erta aniqlab,  o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlash ijobiy samara bermoqda. Jumladan, maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ko‘rik-tanlovlarda, ijodiyot festivallarda dastlabki erishayotgan yutuqlari qalblarga quvonch bag‘ishlaydi. Demak, kelgusida ham ularning intellektual qobiliyati yanada rivojlanib, o‘z iqtidorini keng namoyon qilib boradi. Akademik S.G‘ulomov, ayniqsa, oilada to‘g‘ri ovqatlanishni tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy tarbiya va sport  bilan shug‘ullanishda ota-onalarning o‘zlari bolalariga ibrat bo‘lishi lozimligi kabi dolzarb masalalarga to‘xtaldi. - Oilada kattalar bolaning bo‘sh  vaqtini to‘g‘ri tashkil etishga mas’uldir. Ko‘proq kitob mutolaa qilishga, tasviriy san’at, musavvirlik  bilan shug‘ullanishga va ular bilan birgalikda tabiat qo‘yniga sayohatga chiqish va boshqa foydali mashg‘ulotlarga e’tibor qaratishi zarur, - deydi  S.G‘ulomov. - Ayniqsa, o‘g‘il-qizlarning qo‘lga kiritayotgan yutuqlarini doimo qo‘llab-quvvatlab turish muhimdir.

Shuningdek, akademik oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchi-professorlarining mashg‘ulotlarni o‘tish vaqtlarida innovatsion omillardan oqilona foydalanishi muhimligiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

- Men akademik Saidahror G‘ulomovning inson kapitalini rivojlantirishda intellektual qobiliyat va aqlli tibbiyotning roliga bag‘ishlangan ma’ruzasini diqqat bilan  tingladim. Men bo‘lg‘usi tibbiyot xodimiman. Shu sababli ustozning ko‘rgazmali, targ‘ibot vositalaridan foydalangan tarzda qilgan ma’ruzasi kelgusida amaliyotda juda yordam beradi. Uchrashuv davomida biz o‘zimizning savollarimizga aniq  javoblar oldik. Ilm-fan namoyandalari ishtirokidagi mashg‘ulotlar izchil ravishda o‘tkazilib turilishidan mamnunmiz, - deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali talabasi Doniyor Jumaboуev.

Ha, har ikkala oliy ta’lim muassasasida  akademik Saidahror
Saidahmedovich G‘ulomov ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvlar barchada chuqur taassurot qoldirdi.

O‘z muxbirimiz.

X.Xudoyberganov olgan suratlar.


So'ngi yangiliklar