Samarqand va Buxoroga sayohat

2019-11-02 Qaror va ijro

O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!

"Nuroniy" jamg‘armasi viloyat bo‘limi tomonidan otaxon va onaxonlarning sog‘ligini mustahkamlash, yaxshi dam olishlarini ta’minlash maqsadida qator tadbirlar tashkil etilmoqda. Bu esa nuroniylarning sog‘ligini yanada tiklanishiga, jamoat ishlarida faol bo‘lishga, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda muntazam ravishda ishtirok etishlariga yordam bermoqda.

Yaqinda bo‘limimiz tomonidan bir guruh xorazmlik faxriy ayollarning Samarqand va Buxoro shaharlariga sayohati tashkil etildi. Nuroniy onaxonlar ushbu shaharlarda muqaddas qadamjolarni, tarixiy obidalarni ziyorat qilishdi.

Uzoq yillar ta’lim tizimida samarali faoliyat ko‘rsatgan Maryamjon Olimova o‘zining dil so‘zlarini shunday izhor etdi:

- Bugungi kunda keksalik gashtini surmoqdamiz. Farzandlarimiz, nabiralarimiz atrofimizda parvona. SHuningdek, "Nuroniy" jamg‘armasi tashabbusi bilan muntazam ravishda turli tadbirlar o‘tkazilib, ularda doimiy ravishda qatnashib kelmoqdamiz. Ayniqsa, yaqinda Samarqand va Buxoro shaharlariga tashkil etilgan
sayohatdan juda minnatdormiz. Ikki kun davom etgan sayohatda ushbu shaharlarning "Nuroniy" jamg‘armasining mas’ul xodimlari bizni samimiy kutib olib, yuksak darajada xizmat ko‘rsatishdi. Hammamiz ushbu tarixiy shaharlardan unutilmas taassurotlar bilan qaytdik.

Shuningdek, faxriylardan Norposhsha Polvonova, Bekposhsha Ro‘zmetova va boshqalar ham sayohat taassurotlarini mumnunlik bilan bildirishmoqda. "Nuroniy" jamg‘armasi viloyat bo‘limi kelgusida ham mamlakatimizning tarixiy shaharlariga va diqqatga sazovor joylariga muntazam ravishda sayohatlar tashkil qiladi.

Tozagul Matjonova,

"Nuroniy" jamg‘armasi viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi.


So'ngi yangiliklar