ZAVQLI O‘TAR TA’TIL KUNLARI

2019-06-14 Ma`naviyat

O‘quvchilarning yozgi ta’til kunlarini maroqli va mazmunli o‘tkazishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi. Ushbu yilda oromgohlar barvaqt

bolalarni qabul qilishga taxt qilib qo‘yildi.

Xonqa tumanining bahavo hududida joylashgan "Jayhun quyoshi" bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida ta’til davrida jami 1000 nafar bola dam olib, sog‘lomlashtirilishi mo‘ljallangan. Mevali va manzarali daraxtlarning ko‘pligidan hudud havosi musaffo, soya-salqin. Oromgohga kirib kelaverishda yurtimizning buyuk siymolari - she’riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy va boshqa ko‘plab vatandoshlarimizning hikmatli satrlari bitilgan ko‘rgazmali vositalar oldidan qalbingiz to‘lqinlanib o‘tasiz...

Quyuq daraxtlarning, bog‘larning soyasida joylashgan supachalarda shaxmat-shashka bahsi qizigandan qizidi, sal nariroqdagi o‘rindiqlarda qizlarning mushoirasi davom etayapti. Sport maydonchasida bolalar futbol, voleybol va basketbol bo‘yicha musobaqada ishtirok etmoqdalar.

- Yozgi ta’tilning birinchi mavsumida 210 nafar o‘quvchi dam olmoqda, - deydi biz bilan suhbatda oromgoh rahbari Shokir Sa’dullaуev. - Ularning har bir kuni mazmunli bo‘lishi uchun aniq tadbirlar belgilangan.

- Oromgoh o‘zining shinamgina kutubxonasiga ega. Bu erda o‘g‘il-qizlar sevgan adiblarining asarlarini tanlab olib, mutolaa qilishmoqda. Yaqinda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi tomonidan 35 ta kitob sovg‘a etildi, - deydi oromgohning kutubxona xodimi Sevara Ro‘zmetova.

- Oromgohning "Ma’naviyat xonasi"da kitob mutolaa qilishni yaxshi ko‘raman, - deya fikrlarini bildiradi 12 yashar tarbiyalanuvchi Sabrina Murodova,
- Shu kungacha 50 dan ziyod kitob o‘qib chiqdim. Kitoblar dunyosi meni o‘ziga hamisha chorlab turadi.

Dam olish maskanidagi "Kompyuter savodxonligi", "Mohir qo‘llar",
"Rassomchilik", "Shaxmat - shashka", "Chet tillarni o‘rganamiz" kabi to‘garaklarda o‘quvchilar qiziqish bilan qatnashmoqdalar.

- "Chet tillarni o‘rganamiz" to‘garagi a’zolari til o‘rganishga juda qiziqadilar, - deya suhbatni davom ettirdi Sh.Sa’dullaуev.- Urganch
davlat universitetining talabalari tarbiyalanuvchilarga xorijiy tillarning sir-u sinoatlaridan, talaffuz qilish jarayonidagi o‘zgarishlardan saboq berishmoqda.

7 nafar tarbiyachi, 7 nafar etakchi bolalarning yaqin do‘stiga aylanib qolishgan. Ayniqsa, "Assalom oromgoh!", "Kitob - beminnat ustoz" , "Oromgoh malikasi", "Yoshlar ittifoqi haqida nimalarni bilasiz?" mavzusidagi tadbirlarda etakchilarning alohida roli mujassam. Bu borada Qurbonoy Rahimova, Onaxon Rahmonova, Gulsara Qo‘shaeva kabi etakchilarning faoliyati namunali tashkil etilgan.

- Ertaga Xiva shahriga sayohat qilmoqchimiz,- deydi Q.Rahimova. - Bolalar osoriatiqalar haqida kengroq tushunchaga ega bo‘lishib, muzeylar faoliyati bilan yaqindan tanishadilar.

Xonqa tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan mas’ul qilib tayinlangan shifokor Mansur Bobojonov va hamshira Dilfuza Hayitova har kuni ertalab tarbiyalanuvchilarning  salomatligini nazoratdan o‘tkazishadi. "Tibbiyot xonasi"da birinchi yordam uchun va barcha turdagi zarur dori - darmonlar muhayyo. Oshxonada tayyorlanayotgan taomlarning sifati shifokorlar tomonidan tekshirib boriladi.

Kun qorong‘ilasha boshladi. Oromgoh faoliyati bilan yaqindan tanishdik, dam oluvchilar bilan suhbatlashdik. Ijodkor o‘spirinlarning she’riy mashqlaridan bahramand bo‘ldik. Tasviriy san’at bobidagi rassomlikka ishtiyoqi baland tarbiyalanuvchilarning ijod namunalarini kuzatdik.

Oromgohda bolalarning yayrab-quvnab ta’tilni mazmunli o‘tkazishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

F.SHixnazarova.


So'ngi yangiliklar