DOLZARB VAZIFALARGA TAHLILIY NAZAR

2019-10-26 Davlat dasturi

Urganch Davlat universitetining Madaniyat saroyida O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Xorazm viloyati Kengashining navbatdagi VI konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi faollari, xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlari deputatlari ishtirok etdilar.

Konferensiyada O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi viloyat Kengashi raisi R.Ro‘zmetov ma’ruza qildi. Ma’ruzachi viloyat partiya tashkilotining 2015-2019 yillardagi faoliyati hamda joriy yil 22 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda partiyaning munosib ishtirokini ta’minlash masalalariga to‘xtaldi.

O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasining Saylov oldi harakat dasturida iqtisodiy sohada milliy bozorni har tomonlama rivojlantirish asosiy vazifalardan biri qilib belgilangan edi. Viloyatimizda sanoatni jadal rivojlantirish, hunarmandchilik, tadbirkorlikning keng quloch yoyishida "Milliy tiklanish" demokratik partiyasining ham munosib hissasi bor. Partiya tashkiloti xalqning iqtisodiy-siyosiy bilimlarini oshirish, ma’naviy dunyoqarashini shakllantirish, yoshlar qalbiga vatanparvarlik tuyg‘ularini chuqur singdirish orqali bunyodkorliklarga ko‘makdosh bo‘lmoqda. Partiyaning viloyatdagi 19 mingdan ziyod a’zosi bu jarayonda faol ishtirok etmoqda. 2015-2019 yillar davomida partiya tashkiloti tomonidan partiya elektoratini shakllantirish, eldoshlarimiz ishonchini qozonish, ularning siyosiy-huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ijtimoiy faolligini oshirish borasida qator ishlar amalga oshirib kelindi.

Konferensiyada partiyaning navbatdagi VI konferensiyasiga delegatlar saylandi. Ma’ruzalarda kun tartibidagi barcha masalalar muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

G.UMIROVA,

O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Xorazm viloyati Kengashi matbuot kotibi.


So'ngi yangiliklar