ENERGIYA TEJAMKOR LAMPADAN QUYOSH PANELIGACHA

2019-10-16 Davlat dasturi

Viloyat ma’naviyat va ma’rifat markazi foyesiga kirib borar ekanmiz, energetika sohasidagi yangiliklar, innovatsiyalarning tizimga joriy etilishi, energiyani tejash borasidagi yutuqlar, shuningdek, energetika majmuasining zamonaviy va samarali texnologiyalari namoyish etilgan ko‘rgazma beixtiyor e’tiborimizni tortdi. Haqiqatan ham viloyatimizda tashkil etilgan "Energiya tejaydigan uskunalarni ishlab chiqaruvchilar savdo ko‘rgazmasi"da 50 ga yaqin turli mahsulotlar o‘rin olgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi va "Xorazm hududiy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda respublikamiz viloyatlaridan vakillar hamda sohaning yetuk mutaxassislari, tadbirkorlar ishtirok etdilar.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari SH.To‘laganov so‘zga chiqib, mamlakatimizda energetika sohasini har tomonlama rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng qamrovli faoliyatga alohida to‘xtaldi.

Prezidentimizning joriy yil 22 avgustda qabul qilgan "Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori sohani yanada rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etayotganligi alohida qayd etildi.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilanib, ijrosi ta’minlanmoqda.

Ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizning turli sohalarida energiya tejaydigan texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini jadal rivojlantirish, zamonaviy energiya tejovchi uskunalar haqida iste’molchilarga yanada ko‘proq ma’lumotlar berish kabi masalalardan iboratdir.

Tadbir doirasida tashkil qilingan davra suhbatida soha mutaxassislari o‘zlarining rejalari, tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Jumladan, Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan "Solar Nature" mas’uliyati cheklangan jamiyati Respublikamizda qayta tiklanadigan energiya manbalarini chuqur joriy etish bilan shug‘ullanadi. Quyosh suv isitkichlari va panellari bo‘lgan ko‘cha chiroqlaridan bugungi kunda keng foydalanilmoqda. Energiyatejamkor mahsulotlar ko‘pchilikka manzur bo‘layotganligi davra suhbatida qayd etildi.

Ushbu tadbirda energiya tejaydigan uskunalarni ishlab chiqaruvchi 20 ga yaqin chet el va mamlakatimizda ushbu sohada faoliyat olib borayotgan tashkilotlar o‘zlarining turli mahsulotlari bilan ishtirok etdilar.

- Tashkil etilgan ko‘rgazmada biz ham o‘zimizning loyihalarimiz bilan ishtirok etdik. Bu to‘g‘rida kelgusidagi rejalarimiz, ya’ni energiya tejaydigan texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha istiqbolli loyihalarimiz haqida gapirib berdik, - deydi tadbir ishtirokchisi Shuhrat Yo‘ldoshev. - Shuningdek, soha mutaxassislari bilan o‘zaro tajriba almashdik.

Tadbir yakunida bir qator shartnomalar imzolandi.

Turli sohalarda energiya tejaydigan texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish xususida kelishib olindi. Tajribalar almashilib, istiqbolli rejalar belgilandi.

Otaxon RAHIM.


So'ngi yangiliklar