MAHSULOTLAR PESHTAXTADA, TAROZILAR ESA...

2019-10-19 Davlat dasturi

Savdo madaniyati – davr talabi

O‘zlarini "tadbirkor" hisoblab, dehqon bozorlarida faoliyat yuritayotgan "ayrim kishilar" noz-ne’matlar sifatini yerga urib, ularni arzon garovga xarid etib, ziroatkorga firib berish bilan cheklanib
qolmasdan tarozilarni ko‘zdan yiroqda-panada qo‘yib, ularda mahsulotni mo‘ljaldagidan kam tortib berish yo‘li bilan ham iste’molchilar manfaatlariga xalal yetkazishmoqda.

Keksalar, ko‘pni ko‘rgan nuroniylar savdo-sotiq jarayonida tarozidan urish, xaridorlar haqiga xiyonat qilish gunohi azim ekanligini, ta’kidlab, sotuvchilarni hamisha insof-diyonatli bo‘lishga chorlaydilar. Ammo bozordagi "kunda- shundalar" bunday o‘git-nasihatlarga parvo ham qilishmaydi.

Urganch Markaziy dehqon bozorining sabzi, piyoz, kartoshka sotiladigan rastalarini ko‘zdan kechirarkanmiz, shu alpozda o‘rta yoshlar chamasidagi ayol sotayotgan kartoshka ko‘zimizga sifatliroq ko‘rindi. Shundan 10 kilogramm tortib berishini so‘radik. Mahsulot solingan sumkani ko‘targanimizcha, sal yurmasimizdanoq shu yerda oldi-sotdi bilan shug‘ullanib yuradigan qo‘shnimiz qarshimizdan chiqdi.

- Kartoshkani anovi ayoldan olgan bo‘lsangiz kerakov. Uni nazorat tarozisida torttirib ko‘ring. Ayol tarozida hiyla ishlatib o‘tiribdi.

Qilingan savdo yuzasidan bildirilgan e’tirozdan gangib qoldim. So‘ngra nazorat tarozisini izlay boshladim. Torttirib ko‘rsam, 10 kilo, deya sumkamga solib berilgan kartoshka sal kam 8 kilo chiqdi. O‘shanda kartoshkaning tortilish jarayonini kuzatay desam, u rastalar ortida pastda ekan. Ichkariga o‘tishga istixola qilganimga achindim.

- Men sizga 10 kilogramm kartoshka uchun pul bergandim. Tortib berganingiz 8 kiloga ham yetmaydiku. Siz hamisha, hamma bilan shunday savdo qilyapsizmi?

- Ibiy... Yo‘g‘e, yo‘g‘e... Tuting sumkangizni, poyingizni ham tashlab beraman, - u shunday deya kartoshkalarni tarozida tortmasdan shosha-pisha sumkaga sola boshladi.

Beixtiyor o‘yga tolaman: yaxshiyamki, tarozidan urib qolinayotgani haqida meni ogohlantirishdi. Ammo hamma xaridorlarni shu tariqa ogohlantirib chiqib bo‘lmaydiku.

Haqli savollar tug‘iladi: o‘sha ayol kun bo‘yi qanchadan-qancha xaridorning ko‘zini shamg‘alat qilarkan?... Qolaversa, bozordagi hiylakor faqat shu ayolning o‘zidan iboratmi?!

Tashvishlanarlisi shundaki, bozorda qanchadan-qancha nazoratchi-kuzatuvchilar bo‘laturib, bunday firibgarlarning mushugiga hech kim "pisht" demaydi. Shu bois bu tariqa "kunda-shundalar" ko‘ngliga tushganini qilib, tarozidan urib, xaridorlar haqiga xiyonat qilmoqdalar.

Bir vaqtlar bozordagi peshtaxtalarda baland bo‘yli tarozilar bo‘lar, ularning ko‘rsatkich-strelkalari sotuvchiga ham, xaridorga ham yaqqol ko‘rinib turar, shu bois mahsulot salmog‘i bo‘yicha har ikkala tomonda ham shubha-e’tirozlarga o‘rin qolmasdi.

Ammo bugun bozordagi oldi-sotdi jarayonida mo‘‘jazgina tarozilarning ko‘zdan yiroqda qo‘yilganligiga taajjublanmay ilojingiz yo‘q. Ba’zida ularning ko‘rsatkich strelkalari, raqamlarini ko‘rish uchun ko‘zi xira tortgan keksalar tugul yoshlar ham qiynalib qolishadi. 4-5 metrlik masofadan turib, tarozida aks etgan raqamlarni ko‘rib ishonch hosil qilishingiz uchun qo‘lingizga durbin olishingizga to‘g‘ri keladi.

Shu alpozda xaridorlarga kartoshka, piyoz, sabzi kabi mahsulotlarni taklif etayotgan ikki nafar yigit e’tiborimizni tortdi. Ularni suhbatga tortamiz:

- Tarozini sizlar ham, xaridorlar ham ko‘rib-kuzata oladigan masofada, aniqrog‘i peshtaxta ustida qo‘ysangizlar bo‘lmaydimi?

- Aka, nima deyapsiz? Peshtaxtaning har metri uchun kuniga 7-8 ming so‘mdan pul to‘laymiz. Kelib-kelib shu yerga tarozi qo‘yamizmi?

- Axir xaridor peshona teri to‘kib topgan puliga qancha mahsulot tortib berilayotganligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, ishonch hosil qilishi kerak-ku.

- Siz hech g‘am yemang. Nima sotib olmoqchi bo‘lsangiz, biz aniq, nol-nol qilib o‘lchab beramiz. Bizga haqingiz kerakmaydi. Ishonmasangiz, xuv anavi yerda peshtaxtalar oralig‘iga kirib keladigan eshik bor. Keling, ko‘ring nazorat tarozisida torttiring.

Bugun bozorda qaysi sotuvchiga e’tiroz bildirsangiz, shu tariqa o‘zining halol, pok ekanligidan gapirib qasam icha boshlaydi. Ammo, ulardan ayrimlarining ham tarozidan, ham sifatsiz mahsulotlarni tiqishtirish orqali pand berganligini uyingizga kelib mahsulotni bafurja ko‘zdan kechirganingizda bilasiz. Ular bozorlarda suv bilan havodek zarur bo‘lgan tarozilar uchun peshtaxtada bir-bir yarim qarich joyni ham ravo ko‘rishmayapti.

Urganch Markaziy dehqon bozori va boshqa bozorlarning mutasaddilari bunday nomutanosib holatlarni nahotki ko‘rishmayotgan bo‘lishsa?!...

Ollabergan RAJABOV.


So'ngi yangiliklar