UYMA-UY YURIB, AHOLI MUAMMOLARI O‘RGANILDI...

2019-10-14 Davlat dasturi

Dolzarb mavzu

Pitnak shahridagi ko‘p xonadonli uy-joylarda yashayotgan fuqarolar bilan muloqotlarda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmoqda.

Boshqarmamiz xodimlari, mutaxassislari aholi istiqomat joylarida bo‘lib, muntazam ravishda ular bilan suhbatlar, uchrashuvlar tashkil etmoqda. Bunday muloqotlar Hazorasp tumanining Pitnak shahrida ham o‘tkazildi.

Pitnak shahrida 65 ta ko‘p xonadonli uy-joylar bo‘lib, ularda 1847 ta xonadon bor. Uchta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari ushbu uylarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Shahardagi barcha uylar ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Oqova suv tizimlari orqali suvlar muntazam ravishda chiqarilib borilmoqda. Barcha uylarda elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 24 apreldagi "2017-2021 yil-larda ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi yuzasidan viloyat hokimining 2017 yil 27 apreldagi 243-sonli qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra 2019 yilda Pitnak shahrida 23 ta ko‘p xonadonli uy-joylarni mukammal va joriy ta’mirlash ko‘zda tutilgan. Bu loyihalarni amalga oshirish uchun 2 mlrd. 715,8 mln. so‘m pul mablag‘lari ajratilgan. Natijada, uylarning tom, fasad qismlari ta’mirlandi. Yo‘laklar beton qoplamasi bilan qoplandi, 12 ta ko‘p qavatli uy-joylarning 5 tasida mukammal va joriy ta’mirlash ishlari yakunlandi.

Tijorat banklari kredit mablag‘lari hisobiga 11 ta ko‘p xonadonli uylarni ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan va ayni vaqtda 6 tasida yakunlandi. Jumladan, 2 ta uyning 1432 m2 tom qismi, 4 ta uyning 6594 m2 fasadlari ta’mirlandi. 66 ta noqonuniy qurilmalardan 43 tasi buzib olindi. 7 ta uyning erto‘la qismidagi ichki muhandislik tarmoqlari to‘liq ta’mirlandi. 7 ta uydagi 56,2 m2 framuga oynalari almashtirildi. Ko‘p qavatli uy-joylarning 40 ta kirish yo‘lakchasidan 28 tasi to‘liq va tarnovlar ham ta’mirlandi. 38 dona temir eshikka kodli qulflar o‘rnatildi.

Viloyat hokimi F.Ermanovning joriy yil 16 avgust kuni Pitnak shahrida o‘tkazgan sayyor yig‘ilishidagi topshirig‘iga asosan 2019 yil qo‘shimcha kredit hisobidan 2668,8 mln. so‘mlik 24 ta ko‘p qavatli uy-joylarda mukammal va joriy ta’mirlash ishlarini bajarish va 1026.2 mln. so‘mlik mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 26 ta ko‘p xonadonli uylarning old qismini betonlashtirish rejalashtirildi.

Pitnak shahridagi barcha ta’mirlash ishlarini viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi tasarrufidagi viloyat "Ta’mirlash-tiklash xizmati" DUK va uning filiallari amalga oshirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 yanvardagi "Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ijrosi yuzasidan boshqarmamiz xodimlari shu yilning 7-14 sentyabr kunlari Pitnak shahridagi ko‘p qavatli uy-joylarda yashovchi fuqarolar bilan shahar hokimligi, bank xodimlari, soliq idorasi, ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektorlari, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari, elektr va tabiiy gaz idoralari vakillari, sog‘liqni saqlash hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa korxona-tashkilotlar mas’ullarini jalb qilgan holda uyma-uy yurib suhbatlar o‘tkazdilar.

Boshqarmamiz mutaxassislari qator tashkilotlar bilan hamkorlikda kommunal sohada olib borilayotgan islohotlarni va kelgusidagi istiqbolli loyihalarni tushuntirish hamda sohaga doir muammolarni hal qilish bo‘yicha aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borilyapti. Shahardagi barcha ko‘p qavatli uy-joylarda istiqomat qilyotgan fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Shuningdek, Pitnak shahridagi ko‘p qavatli uy-joylarni ijtimoiy soha ob’ektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi ham o‘rganib chiqildi.

Uyma-uy yurib fuqarolarning kommunal soha va boshqa yo‘nalishdagi mavjud muammolarini shuningdek, sanitariya holati, obodonlashtirish, chiqindilarni muntazam tashib chiqarilishi kabi holatlarni o‘rganish bilan bir qatorda, energiya tejovchi diodli yoritqichlarga o‘tishning, tabiiy gaz tejamkorligiga erishish, zamonaviy 2 konturli ichki isitish qozonlarining afzalliklari to‘g‘risida fuqarolarga tushuntirildi.

Uchrashuvlardan yana bir maqsad aholining majburiy badal pullaridan qarzdorligini undirishga amaliy yordam ko‘rsatish, mavjud bank kreditlaridan bo‘lgan qarzdorligini so‘ndirish, mukammal va joriy ta’mirlashga kelib qolgan uy-joylarga bank krediti mablag‘lari ajratilishini ham yo‘lga qo‘yishdan iborat edi.

Bugungi kunga kelib, Pitnak shahridagi ko‘p qavatli uy-joylarda yashayotgan fuqarolarning majburiy badallardan qarzdorligi 549 mln. so‘mni tashkil qilmoqda. O‘tkazilgan uchrashuvlar va tushuntirishlar davomida 100 mln. so‘mga yaqin qarzdorlik bartaraf qilindi.

Fuqarolarning majburiy badal pullari to‘lovini amalga oshirish uchun bir qator qulayliklar yaratilganligi ularga ma’lum qilindi. Endilikda, fuqarolar vaqt sarflab banklarga borib yurmasligi va "klik" dasturi asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lovni amalga oshirish imkoniyati yaratilganligi, buning uchun banklar bilan o‘zaro shartnomalar tuzish lozimligi muloqotlarda tushuntirilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2019 yil 30 yanvarda "Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida"gi qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra Respublikamizda "Obod uy" elektron dasturi va uning mobil ilovasi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu elektron dasturi joriy qilinishi bilan Markaziy bankning hisob-kitoblar kliring tizimi va boshqa tizimlar orqali onlayn tarzda amalga oshirilishi hamda ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar mulkdorning shaxsiy qo‘l telefoni raqamiga SMS orqali yuborilishi, to‘langan mablag‘ va mavjud qarzdorlik haqida abonentning xabardor qilib turilishi ham fuqarolarga ma’lum qilindi.

O‘tkazilgan uchrashuvlar davomida fuqarolar o‘zlarini qiynayotgan va bir qator уechimini kutayotgan muammolar borligini ma’lum qilishdi. Jumladan, Ogahiy va boshqa ko‘chalarning ayrim joylariga texnik suv yoki oqar suv ta’minoti yo‘lga qo‘yilmaganligi, buning oqibatida ko‘p yillik daraxtlar qurib borayotganligi, ba’zi joylardagi ko‘kalamzorlashtirishga mo‘ljallangan erlarning hosildor qatlami qaqrab qolganligi, ayrim ko‘chalardagi er maydonlarida qum to‘plami hosil bo‘lganligi kabi e’tirozlarini bildirdilar.

Shuningdek, o‘tkazilgan o‘rganishda shahardagi oqova suv quvurlari bugungi kunga kelib to‘liq eskirganligi, "Pitnak oqova suv tozalash" inshootini ekspluatatsiya davri o‘tib ketganligi, inshootni tozalash samaradorligi nol darajada ekanligi aniqlandi.

Shaharda ko‘plab noqonuniy qurilmalar mavjud. Ko‘p qavatli uy-joylar oldi yo‘lakchalari betonlashtirilgan. Biroq asosiy yo‘l bo‘ylaridagi piyodalar yo‘lakchalari ta’mirtalab holatda. Shaharning K.Otaniyozov Ogahiy va boshqa ayrim ko‘chalarining yo‘llari ta’mirtalab ahvolda.

Shaharning Mustaqillik ko‘chasidagi 3/8, 3/12, 3/14-uy-larning уerto‘la qismidagi oqova suv quvurlarining nosozligi sababli уerto‘lalar suv bilan to‘lib ketishi holatlari o‘rganish vaqtida aniqlanib, shu kunning o‘zida "Tuyamo‘yin-Urganch mintaqalararo suv quvurlaridan foydalanish" davlat unitar korxonasi tomonidan muammo bartaraf qilindi. Yerto‘ladan oqova suvlar tortib olindi, quvurlar to‘liq yangisiga almashtirildi.

Mavjud muammolarning yechimi borasida fuqarolarga tushuntirish o‘tkazildi va tuman miqyosida hal qilinadigan muammolar bo‘yicha Hazorasp tumani hokimligiga axborot kiritilishi ma’lum qilindi. Boshqarmamiz xodimlari joylarda bo‘lib, aholi muammolarini o‘rganib bormoqdalar.

A.URAZMETOV,

Xorazm viloyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i.


So'ngi yangiliklar