DONLAR TO‘LIQ, BOSHOQLAR BO‘LIQ

2019-06-29 Davlat dasturi

Ekinzorlarimiz, jumladan, g‘alla maydonlarini hamisha ertalab va kechga yaqin bir karra ko‘zdan kechirish men uchun azaliy odat. Kunda bir yashnab, hosilga to‘lishayotgan o‘simliklarni ko‘rib, behad mamnun bo‘laman.

Ayniqsa, g‘allazorlarda bu yil donlarning to‘liq, boshoqlarning bo‘liq bo‘lib уetilganligi menga kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Beixtiyor hosilni xom-cho‘t qilishga sho‘ng‘ib ketganligimni sezmay qolaman.

Ajabtovurda, bittagina dondan unib chiqqan maysa hademay bachkilab, yangi novdalar chiqarib, o‘nlab boshoqlarni paydo qiladi. Har boshoqda 40-50 tagacha bo‘liq don. Demak, zaminga qadalgan bittagina don qisqa muddat ichida yuzlab donlarni paydo qiladi. Keksalar duoga qo‘l ochganlarida "Biringga mingni bersin" deya ezgu tilaklarni bildirganlarida ana shunday quvonchli hollarni nazarda tutishsa kerakda.

Joriy yilda biz ekin maydonlarimizga g‘allaning "Tabor" navi urug‘ligini ekib, durust hosil уetishtirdik. Yalpi xirmonimiz salmog‘i 100 tonnadan oshib ketdi. Tayyorlangan donning sifat ko‘rsatkichlari ham talabga monand bo‘ldi. Uyilgan xirmondagi hosilning 70 tonnasi "Tabor" navining birinchi avlod urug‘ligiga qabul qilindi. Urug‘lik uchun mahsulotning umumiy narxiga qo‘shimcha ravishda 65 foiz ustama berilishi, shuningdek, hosilning asosiy qismi yuqori navlarga qabul qilinganligi evaziga davlatimiz tomonidan qo‘shimcha haqlar hisoblanishi g‘allakorlarimiz uchun istiqbolda don mahsulotlarining salmoq va sifat ko‘rsatkichlarini yanada oshirishlarida eng yaxshi rag‘bat bo‘lishi tabiiy.

Ayni kunda diqqat-e’tibor, kuch-g‘ayratlarimiz takroriy ekinlarni tez va soz ekishga qaratilmoqda. Shu jarayonda ajriq, qamish kabi begona o‘tlar bosib ketgan 20 gektar maydonga sholi ekdik. Chunki sholi suv bilan tirik ekanligi sir emas. Ayni vaqtda muayyan dalada suvning surunkasiga bir sathda turishi ekinlar rivojida halaqit beradigan yovvoyi
o‘tlarga barham berishi ko‘p yillik tajribalardan ayon.

Takroriy ekinlarni joylashtirish jarayonida ularning hosili eksportbop bo‘lishini ta’minlashga alohida diqqat-e’tibor qaratayotirmiz. Jumladan, 5,5 gektar maydonga moshning hosili eksportbop navi urug‘ligini ekdik. Shuningdek, kungaboqar, piyoz, boshqa tur sabzavot ekinlarini ekishda ham shu masalalar diqqat-e’tiborimizda bo‘ldi.

Boshqa tur ekinlar, jumladan, 75 gektar maydondagi g‘o‘zalarimiz rivoji ham chakki emas. Quyosh taftidan, dehqon mehridan bahra olayotgan o‘simlik kunda bir yashnab, baravj rivojlanyapti, shonalar gullarga, gullar esa ko‘saklarga aylanmoqda.

G‘o‘za va boshqa ekinlar bo‘yicha ham mo‘l hosil уetishtirilishini, barakali xirmonlar uyilishini ta’minlab, yilni munosib yutuqlar bilan yakunlaymiz.

Islom RO‘ZIMATOV,

Urganch tumanidagi "Do‘rman XXI" fermer xo‘jaligi rahbari.


So'ngi yangiliklar