EL ISHONCHINI OQLAYMIZ - DEYISHMOQDA O‘ZLARIGA ISHONCH BILDIRILGAN MAHALLA FUQAROLAR YIG‘INLARI RAISLARI

2019-05-17 Qaror va ijro

Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi aholining faol ishtirokida o‘tkazilmoqda.

Viloyatimizda 512 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida saylovlar o‘tkazilishi belgilangan. Bugungi kunda 400 dan ziyod mahalla fuqarolar yig‘inlarida saylov yuksak ko‘tarinkilik kayfiyatida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi "Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida"gi Qonunining ijrosi shu kunlarda bo‘lib o‘tayotgan saylovlarda o‘z ifodasini to‘liq topmoqda.

Shovot tumanidagi "Yangi turmush" mahallasida saylovga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Saylovda ishtirok etadigan fuqarolar ro‘yxati shakllantirildi. Ovoz berish kabinalari taxt etildi. Kompyuter, ovoz kuchaytirgich vositalari taxt etib qo‘yildi. Keksa saylovchilar, shuningdek, bolali ayollar uchun alohida sharoitlar yaratildi. Bu esa saylovni davr talabi darajasida o‘tishida muhim ahamiyat kasb etdi. Erta tongdan hududdagi 37-son umumta’lim maktabi binosiga etib kelishgan saylovchilar o‘zlari xohish-istak bildirgan nomzodlarga ovoz bera boshladilar.

- Sakson yoshdan oshdim. Saylov kunini men ham orziqib kutdim. Mana, birinchilar qatori saylov uchastkasiga etib kelib, o‘zim bilgan, ishongan nomzodga ovoz berdim. Men bu nomzodni juda yaxshi taniyman. Mehnatkash, fidoyi, el-yurt obodligi, farovonligi yo‘lida kuch-g‘ayratini, bilimini ayamasligini dildan his qilyapman, - deydi Polvon bobo Jumaniyozov.

- Men mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovida ilk bora qatnashyapman. Tengdoshlarim nomidan bugun saylanadigan mahallamiz raisi mahallada yoshlarning bo‘sh vaqtlarini yanada mazmunli o‘tkazish uchun samarali ish olib boradi, deya ishonaman, - dedi yosh saylovchi Umrbek Yo‘ldoshev.

Baxtiyor Quriyozov, Ochildi Ollaberganov, Ilhom Hojiуevlar ham bo‘lajak rais faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilashdi. Vakillarning 90 foizidan oshig‘ining ovozi bilan mahalla fuqarolar yig‘ini raisligiga yangidan saylangan Farhod Samandarov minnatdorchilik bildirgani holda saylovchilar ishonchini oqlashga so‘z berdi. Mahallani yanada obod, orasta qilish, yangi bog‘lar, gulzorlar yaratish, yo‘l va yo‘laklarni asfalt qilish, toza ichimlik suvi keltirish, bandlik, ijtimoiy muhofaza, maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tubdan yaxshilash kabi aholi talab-ehtiyoji bilan bog‘liq muammolarni hal etishda faollik, tashkilotchilik ko‘rsatishini bildirdi.

Bog‘ot tumanidagi "Qal’ajiqqal’a" mahallasiga yangi saylangan Bog‘ibek Avazov, Hazorasp tumani "Ishchilar" mahallasiga qaytadan saylangan Qodir Bog‘ibekov, Yangiariq tumani "Ostona" mahallasiga yangidan saylangan Jumanazar Jumaniyozovlar ham o‘z dasturlari bilan aholini tanishtirib, el-yurt obodligi va farovonligi yo‘lida astoydil xizmat qilib, o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlash niyatida ekanligini ta’kidladilar.

Viloyatimiz mahallalarida fuqarolar yig‘inlari raislari saylovlari har tomonlama puxta tayyorgarlik va yuqori darajada ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda.

O‘z muxbirimiz.


So'ngi yangiliklar