PUHTA TARADDUD

2019-10-25 Davlat dasturi

Saylov oldi hisobot konferensiyalaridan

puxta taraddud

O‘zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi viloyat Kengashining hisobot saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada partiya siyosiy Kengashi vakillari, delegatlar, xalq deputatlari viloyat, shahar, tuman Kengashlarining deputatlari, partiya faollari ishtirok etishdi.

Chuqur tahlil asosida o‘tgan konferensiyada partiyaning Xorazm viloyati Kengashi raisi T.Polvonovning 2015-2019 yillar davrida amalga oshirgan ishlar va erishilgan natijalar bo‘yicha hisoboti tinglandi.

Ta’kidlandiki, partiya viloyat Kengashi o‘tgan davr davomida partiya faollari, keng jamoatchilik, qator tashkilotlar hamkorligida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etdi. "Adolat hayotimiz - bosh mezoni, adolat har bir inson uchun" deb nomlangan saylov oldi dasturi bilan tanishtirildi. "Adolat - qonun ustuvorligida", "Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur", "Kuch - adolatda", "Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlaymiz" kabi 30 dan ziyod loyihalar doirasida viloyatning shahar va tumanlarida, chekka qishloqlarda ko‘plab tadbirlar o‘tkazildi.

Shuningdek, konferensiyada boshlang‘ich partiya tashkilotlari faolligini tanqidiy-tahlil etildi hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish, partiya tashkilotlari faoliyatini oshirishga qaratilgan fikr-mulohazalar bildirildi. Joriy yilning 22 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish va munosib nomzodlarni saralab olish partiyaning kelgusi yillardagi faoliyatini yanada takomillashtirishda alohida ahamiyatga egadir.

Ushbu siyosiy jarayonga partiya viloyat Kengashi, faollar har tomonlama taraddud ko‘rishmoqda. Partiya faollari joylarda bo‘lib, saylov kodeksi mazmun-mohiyatini aholiga yetkazmoqda.

Konferensiyada so‘z olganlar yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiyotini rivojlantirishda, qonunlar ustuvorligini ta’minlashda yanada faollik ko‘rsatish kundalik shiori ekanligini qayd etishdi.

Tadbirda partiya Siyosiy kengashining navbatdagi Qurultoyida ishtirok etish uchun delegatlar saylandi.      

Konferensiyada muhokama etilgan masalalar, takliflar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.

Zamira ABDULLAYEVA,

O‘zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi viloyat Kengashi matbuot kotibi.


So'ngi yangiliklar