UYUSHQOQLIK, FAOLLIK – YUTUQLARGA QANOT

2019-06-28 Voha bo`ylab

Viloyatimiz g‘allakorlari 84 ming tonnadan ziyod yuqori sifatli don tayyorlab, shu yuzadan belgilangan shartnoma rejasini oshig‘i bilan uddaladilar. Umumiy hosildorlik har gektar maydon hisobiga 50 sentnerdan oshdi.

Quvonarlisi shuki, g‘allakorlarimiz tayyorlanayotgan mahsulotning salmoq ko‘rsatkichlarini yildan-yilga oshirilishi barobarida sifat va samaradorlik jihatdan yuqori natijalarga erishmoqdalar. Joriy yilda belgilangan marra har qachongidan erta egallandi.

- O‘tgan yili urug‘likning dalalarga yuqori agrotexnik muddatlarda ekilganligi, tuproqning tabiiy namiga tekis undirilib, to‘la gektarlar hosil qilinganligi, shu jarayonda dalalarning har gektari hisobiga 400 kg.dan fosforli o‘g‘itlar kiritilganligi, vegetatsiya jarayonida o‘simlik faqat sharbat usulida sug‘orilganligi, biostimulyatorlar vositasida bargidan oziqlantirilganligi, bug‘doy nihollarining chuqur ildiz otishi, baravj rivojlanishi garovi bo‘ldi, - deydi suhbatdoshimiz - viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘ining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Ahmedov.

Bu yil qish mavsumining nisbatan iliq kelganligi, bahorning erta kirganligi, yog‘in-sochinlar bilan kechganligi g‘alla parvarishi bo‘yicha qator agrotexnik tadbirlarni barvaqt o‘tkazilishini taqozo etdi. Ana shuni dildan his etgan mirishkor g‘allakorlarimiz sho‘rlanishga moyil va nami qochgan ayrim maydonlarni tezkorlik bilan sug‘orishga muvaffaq bo‘ldilar. Payhongarchilikning oldini olish maqsadida g‘alla maydonlari atroflari chetanlar bilan o‘rab olindi.

O‘rim-yig‘im ishlarining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 maydagi 2019 yil hosili uchun ekilgan boshoqli don ekinlarini o‘z vaqtida nest-nobud qilmasdan o‘rib-yig‘ib olish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi yig‘ilishi bayoni ko‘rsatmalari asosida uyushqoqlik bilan tashkil etilganligi mavsumni sanoqli ish kunida poyoniga уetkazish imkoniyatini yaratdi.

Albatta, bugun tarmoqda erishayotgan quvonchli natijalarning barchasi zamirida hukumatimiz tomonidan g‘allakorlar uchun yaratilayotgan keng ko‘lamdagi imtiyozlar, shart-sharoitlar, iqtisodiy rag‘batlantirish omillari mujassam.

- SHuhrat Qurbondurdiуevich, ana shu iqtisodiy rag‘batlantirish omillari haqida batafsilroq to‘xtalib o‘tsangiz.

- Endilikda mahsulotning xarid narxlari, shuningdek, uni уetishtiruvchilarning ish haqlari donning salmoq va sifat ko‘rsatkichlari, уer resurslaridan omilkorlik bilan foydalanib, yuqori hosil olinishi kabi masalalar bilan chambarchas bog‘liq qilib qo‘yilmoqda. Zero, bu bozor munosabatlarining muhim talablaridan biri bo‘lib, ichki va tashqi bozorda xaridorgir, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishda muhim qadam bo‘lishi, shak-shubhasiz.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 noyabrdagi 959-sonli qarori biz uchun dasturilamal bo‘lmoqda. Unda g‘alladan yuqori hosil уetishtirgan fermer xo‘jaliklariga ustamalar, shuningdek, past hosil уetishtirgan jamoalarga chegirmalarni qo‘llagan holda hisob-kitob qilishni joriy etish bo‘yicha aniq-ravshan yo‘l-yo‘riq, ko‘rsatmalar berilgan.

Jumladan, tuman ishchi guruhi taqdim etgan reestr bo‘yicha boshoqli don hosildorligi gektaridan 40,1 sentnerdan oshganda kafolatlangan o‘rtacha davlat xarid narxi bo‘yicha, ya’ni 1200 so‘mdan, 41 dan 50 sentnergacha bo‘lganda - 10 foiz ustama bilan - 1320 so‘mdan, 51 dan 60 sentnergacha bo‘lganda - 20 foiz ustama bilan - 1440 so‘mdan; 61 sentner va undan yuqori bo‘lganda - 25 foiz ustama bilan - 1500 so‘mdan hisob-kitob qilinishi nazarda tutilgan.

Yoki aksincha, hosildorlik gektariga 30 sentner va undan kam bo‘lganda - xarid narxiga nisbatan 25 foiz chegirma bilan - 900 so‘mdan, 31 sentnerdan 40 sentnergacha bo‘lganda - 15 foiz chegirma bilan - 1020 so‘mdan to‘lovlar amalga oshiriladi.

Fermer xo‘jaliklarining hisob raqamiga kelib tushgan mablag‘lar birinchi navbatda don уetishtirish xarajatlari uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni qoplashga yo‘naltiriladi. Mablag‘ning qolgan qismi esa erkin tasarruf etiladi.

- Joriy etilgan iqtisodiy rag‘batlantirish omillari amalda qanday samaralar bermoqda?

- Qo‘llanilayotgan iqtisodiy omillar g‘allachilik bo‘yicha gektarlar qaytimi, xirmonlar barakasi va donning sifat ko‘rsatkichlari oshirilishida, yuqori samaradorlikka erishayotgan ilg‘orlar safining kengayishida o‘z ifodasini topmoqda.

Bunda erishilgan haqiqiy natijalarni aniqlash uchun davlat ehtiyojlariga don topshirish shartnoma rejasi bajarilganidan so‘ng fermer xo‘jaliklari ixtiyoridan qoladigan bug‘doy o‘rib-yig‘ib olinib, donning fizik hajmiga qo‘shilgan holda yakuniy hosildorlik belgilanadi.

Shu tariqa chiqarilgan yakuniy hisob-kitoblar mavsumning yangi peshqadamlari nomini elga tanitmoqda. Bog‘ot tumanidan "Dilshod", Yangibozordan "Xorazm faxri", Hazoraspdan "Soliy turkman", Qo‘shko‘pirdan "Madad", "Durjon momo", Shovotdan
"Umida", Xonqadan "Madir-Xonqa", "Sherzod, Otayoz", Yangiariqdan "Asqar,
Abror, G‘ulom", Xivadan "Madrim o‘g‘li Pirjon" kabi ko‘plab peshqadam xo‘jaliklar 60-70 sentnerdan va undanda yuqori hosil ko‘tarib, tarmoqda gektarlar qaytimi,
iqtisodiy samaradorlikni oshirishning imkoniyat-omillari katta ekanligini o‘z amaliy faoliyatida isbotladilar.

Ayni vaqtda bunday peshqadam xo‘jaliklarda takroriy ekinlarni ekish ham uyushqoqlik bilan o‘tkazilayotganligi, yangi g‘allachilik mavsumiga taraddud ishlari boshlab yuborilganligi, уerlarning meliorativ holatini yaxshilash tadbirlari izchillik bilan amalga oshirilayotganligi quvonchli hollardir.

- Suhbatingiz uchun rahmat!

Suhbatdosh Ollabergan RAJABOV.


So'ngi yangiliklar