SOLIQ VA BOJXONA TIZIMIDAGI IMTIYOZLAR

2019-07-17 Davlat dasturi

Dolzarb mavzu

Mamlakatimizda tadbirkorlikni va sog‘lom raqobat muhitini qo‘llab-quvvatlash, eksport salohiyatini kengaytirish va raqobatbardosh hamda ichki bozorni sifatli iste’mol tovarlari bilan ta’minlashga yo‘naltirilgan soliqqa tortish va bojxona tariflarini tartibga solishning samarali tizimini shakllantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.

Ayniqsa, tadbirkorlar orasida adolatli raqobatni kuchaytirish va investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyunda "Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni qabul qilindi. Bu esa ishbilarmonlar orasida raqobatbardoshlikni oshirishga xizmat qiladi.

Farmonga asosan 2019 yil 1 avgustdan boshlab, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar yagona уer solig‘i to‘lovchisi bo‘lib, ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishlari belgilab qo‘yildi. Yil yakuniga qadar qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchilarining soni 3 ming 874 taga etishi kutilmoqda. Viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan mazkur tadbirkorlik sub’ektlari asosan yirik tovar aylanmasiga ega ishbilarmonlardir. Bu esa soliq islohotlaridagi eng muhim bo‘lgan omil QQS zanjirini shakllantirishda va xufiyona iqtisodiyotning oldini olishda o‘z samarasini beradi. Shuningdek, resurs soliqlari to‘lovchilari soni ham ortdi. Natijada, 2019 yildan уer solig‘i to‘lovchilar 3 barobarga (1141 tadan 3706 taga), mol-mulk solig‘i to‘lovchilar 8 barobarga (339 tadan 2986 taga), suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lovchilar 10 barobarga (217 tadan 2283 taga) oshdi. Bundan tashqari soliq Konsepsiyasida belgilanganidek, ish haqidan undiriladigan soliq va to‘lovlar bo‘yicha soliq yukining sezilarli darajada kamaytirilgani hisobiga tadbirkorlik sub’ektlari bo‘yicha noqonuniy faoliyat ko‘rsatayotgan 22 093 nafar ishchi-xizmatchilar ishi qonuniylashtirildi.

Yirik tovar aylanmasiga ega bo‘lgan 70 nafar yakka tartibdagi tadbirkorlar umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga, 167 nafar yakka tartibdagi tadbirkorlar tovar aylanmadan yagona soliq to‘lovini to‘lashga o‘tdilar. Natijada, byudjetga undirilayotgan soliq tushumlarining ham o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 173 foizga oshishiga erishildi.

Bundan tashqari, joriy yilning 1 oktabridan boshlab, tovarlarni sotishdan, tushumning miqdoridan qat’i nazar benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali oxirgi iste’molchilarga sotadigan yuridik shaxslarning qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari hisoblanishi belgilab qo‘yildi.

Viloyatda bugungi kunda 84 ta benzin, dizel yoqilg‘ilari quyish shoxobchalari mavjud bo‘lib, shundan 62 tasi yoki 74 foizi qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari hisoblanadi.

Shuningdek, joriy yilning 1 oktabridan boshlab, tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlari tovarlarni sotishdan tushum miqdoridan qat’iy nazar, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari hisoblanadi. SHu o‘rinda ta’kidlash kerakki, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i keyinchalik ichki bozorda realizatsiya qilingan tovarlar bo‘yicha byudjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan QQS summasini aniqlashda hisobga olinishi soliqlarni faqatgina yangi qo‘shilgan qiymatdan to‘lanishini ta’minlagan holda tadbirkorlik sub’ektlarining aylanma mablag‘larini tejalishiga sabab bo‘ladi va tovarlar narxi barqarorlashtiriladi.

Endilikda, har bir tuman (shahar)dagi korxonalar vakillari Davlat soliq inspeksiyasiga taklif etilib, malakali mutaxassislar tomonidan maxsus o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Shuningdek, "Soliq-servis" davlat unitar korxonasi mas’ul xodimlari buxgalterlari mavjud bo‘lmagan xo‘jalik sub’ektlariga elektron hisobvaraq- fakturalarini yuritish qoidalarini o‘rgatadi.

Soliq tizimidagi bu kabi o‘zgarishlar aholi daromadlarini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

Romon ATAJONOV,

Xorazm viloyati Davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘‘basi boshlig‘i.


So'ngi yangiliklar