YOSHLAR UCHUN KENG IMKONIYATLAR

2019-06-21 Davlat dasturi

Mamlakatimizda o‘quvchi-yoshlarning ta’lim muassasalarida fanlar bo‘yicha chuqur bilim olishlari, qobiliyatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularni muntazam ravishda rag‘batlantirib borish maqsadida amaliy ishlar davom etmoqda.

Buning natijasida umumta’lim maktablaridayoq o‘quvchilar fanlar bo‘yicha o‘z bilimlarini yildan-yilga mustahkamlab, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazib, viloyat, respublika, xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan fan olimpiadalarida, ko‘rik-tanlovlarda, ijodiyot festivallarida va boshqa ko‘plab tadbirlarda o‘z iste’dodlarini namoyon etmoqdalar.

 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil
22 fevraldagi "Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va akademik litseylar bitiruvchilarini rag‘batlantirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ham shu maqsadga – iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Unda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilari uchun oltin va kumush medallar ta’sis etilishi qayd etilgan edi. Mazkur qaror asosida Nizom qabul qilinib, unda umumiy qoidalar aniq ko‘rsatildi.

Ushbu Nizom asosida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, shu jumladan, san’at va madaniyat, sport sohalariga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar hamda akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi belgilab berildi. Nizomga ko‘ra, namunali xulq-atvorga ega hamda jamoat ishlarida faol bo‘lgan va o‘qish yillari davomida fan olimpiadalarida va boshqa ko‘plab ko‘rik-tanlovlarda, tadbirlarda qatnashgan va yuksak natijalarga erishgan bitiruvchilar oltin va kumush medallar sohibi bo‘lishadi.

Viloyat ma’naviyat va ma’rifat markazida Xorazm viloyati umumta’lim mak-tablarini a’lo baholarga tamomlagan bitiruvchilarga oltin va kumush medallarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyat hokimligi va qator boshqarma, tashkilotlar vakillari, xalq ta’limi tizimi mas’ul xodimlari, bitiruvchilarning ota-onalari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimining o‘rinbosari S.Salaуev yurtimizda Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarning iqtidori, iste’dodini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilayotganligi o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatayotganligini alohida ta’kidladi. Ayniqsa, bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbus asosida shahar va tumanlarda, eng chekka qishloqlarda yoshlarning har tomonlama barkamol bo‘lib ulg‘ayishi uchun ko‘rsatilayotgan beqiyos e’tibor va g‘amxo‘rliklar o‘z ifodasini topayotganligini aniq misollarda qayd etib, kelgusida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, o‘quv jarayoniga investitsiyalarni keng tatbiq etish maqsadida belgilangan rejalarga to‘xtaldi.

Tantanali marosimda Gurlan tumanidagi 5-son maktab direktori, O‘zbekiston Qahramoni Anorjon Mahmudova, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Hamro Bektemirovlar oltin va kumush medallar sohiblarini qizg‘in qutladilar.

- Bugun quvonchim cheksiz. Hozirgina ko‘ksimga oltin medal taqildi. Maktabda tahsil olayotgan davrimda fanlarni chuqur o‘rganishga, jamoat ishlarida doimo faol bo‘lishga harakat qildim. Ko‘plab tanlovlarda qatnashdim. Endilikda, oliy ta’lim muassasasiga kirib, o‘zim tanlagan soha, ya’ni shifokor bo‘lishga ahd qilganman. Chunki bizning oilamizni shifokorlar oilasi, deyishadi. Buvim va bobom ham – shifokorlar. Orzuimga erishish uchun esa yana ko‘p o‘qishim, o‘rganishim kerak, - deydi Xiva shahridagi 12-son maktab bitiruvchisi Aziza Baxtiyorova.

Viloyatimizda 285 nafar bitiruvchiga oltin va kumush medallarni tantanali ravishda topshirish jarayoni yuksak ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Ushbu medallarga sazovor bo‘lgan bitiruvchilar o‘zlarining dil so‘zlarini quvonib izhor etishdi.

Otaxon NAFULLAYEV.

 X.XUDOYBERGANOV olgan suratlar.


So'ngi yangiliklar