TEZKORLIK, HOZIRJAVOBLIK - DAVR TALABI

2019-06-28 Ma`naviyat

27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni yurtimizda keng nishonlandi

Mamlakatimizda har yili 27 iyun - Matbuot va ommaviy
axborot vositalari xodimlari kuni keng nishonlanadi. Bayram arafasida ommaviy axborot vositalari xodimlarining korxona va tashkilotlarda, o‘quv muassasalarida, mahallalarda o‘z gazetxonlari, muxlislari bilan uchrashuvlari o‘tkaziladi. Bunday tadbirlar davomida tahririyatlar aholi bilan yaqindan muloqotda bo‘lib, suhbatlashib, o‘z faoliyatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan rejalarni belgilab olishadi.

Chunki to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar davomida gazetxonlar, teletomoshabinlar kelgusida qanday mavzularda maqolalar va teleko‘rsatuvlar, radioeshittirishlar tayyorlanishi lozimligi haqida o‘zlarining fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalarini bildiradilar. Ushbu yilda ham aholi bilan bunday uchrashuvlar, davra suhbatlari jurnalistlarning keng jamoatchilik bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashiga imkon berdi.

27 iyun kuni viloyatimiz ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan jurnalistlar, turli soha vakillari, jamoatchi muxbirlar, keng jamoatchilik vakillari Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Urganch shahrida o‘tkazilgan bayram tadbiriga tashrif buyurdilar.

Tadbirda viloyat hokimi F.Ermanov so‘zga chiqib, soha xodimlarini kasb bayrami
bilan qutladi.

Ta’kidlandiki, bugungi kunda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda jadal sur’atlar bilan davom etayotgan islohotlar, shahar va qishloqlarda olib borilayotgan bunyodkorliklar, o‘sish va o‘zgarishlar, obodonlashtirish ishlari, barcha tarmoqlarga investitsiyalar keng joriy etilayotganligi, zamondoshlarimizning g‘ayrat-shijoat bilan mehnat qilayotganligi ommaviy axborot vositalarida tezkorlik bilan yoritilmoqda. Viloyatimizda chop etilayotgan davriy nashrlarda jurnalistikaning turli janrlarida o‘qishli, ta’sirchan materiallar berib borilayapti. Shuningdek, televidenie va radiolarda eldoshlarimizga manzur bo‘ladigan turli mavzularda dasturlar tayyorlanib, efirga uzatilmoqda.

Ommaviy axborot vositalarida "Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili", "Obod qishloq" va "Obod mahalla", "Yoshlar - kelajagimiz", "Har bir oila - tadbirkor" dasturlari ijrosi, shahar va qishloqlarda olib borilayotgan keng qamrovli
amaliy ishlar tezkorlik bilan yoritilmoqda.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbus asosida joylarda tashkil etilayotgan xayrli, ezgu ishlar ommaviy axborot vositalarida izchil ravishda berib borilayapti.

Bugungi kunda tahririyatlar yosh jurnalist kadrlar bilan mustahkamlanayotganligi, sohada uzoq yillardan beri mehnat qilayotgan faxriy jurnalistlar ishtirokida "Ustoz-shogird" maktablari tashkil etilib, yoshlarga jurnalistikadan saboq berilayotganligi o‘z samarasini ko‘rsatayotganligi alohida ta’kidlandi.

Bayram tadbirida viloyat hokimi F.Ermanov ommaviy axborot vositalari tahririyatlariga hamda bir guruh jurnalistlarga faxriy yorliqlar hamda sovg‘alar topshirdi.

- Bugungi kunda biz yosh jurnalistlarning o‘z iste’dodimiz, qobiliyatimizni keng namoyon qilishimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bu esa bizga yanada ijodiy rag‘bat bag‘ishlaydi.
Ustozlarimizning yaqindan berayotgan tavsiya va takliflari asosida jurnalistik tajribamizni yanada oshiramiz. Yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy sohalaridagi ulkan o‘zgarishlarni yanada keng yoritamiz, - deydi "Xorazm haqiqati" va "Xorezmskaya pravda" gazetalari birlashgan tahririyati muxbiri Sevara Ro‘zmetova.

Bayram tadbiri qatnashchilarining barchasiga viloyat hokimligining sovg‘alari topshirildi.

San’at ustalari va yosh iste’dod egalari tomonidan tayyorlangan musiqali dastur bayramga yanada zavq va ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

Otaxon NAFULLAYEV.


So'ngi yangiliklar