FAOLIYAT TAKOMILLASHMOQDA

2019-06-08 Voha bo`ylab

9 iyun – Xalqaro arxivlar kuni

Mamlakatimizda har yili Xalqaro arxivlar kuni keng nishonlanib kelinayotganligi biz soha xodimlariga faxr tuyg‘ularini bag‘ishlamoqda. Jamoamiz arxiv ishining hayotimizda tutgan o‘rnini chuqur anglaganlari holda soha faoliyatini yanada takomillashtirish, davr talablari asosida olib borish uchun bilim va tajribalarini oshirib bormoqdalar.

Mustaqillik yillarida qadim qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz bilan birgalikda yurtimiz tarixini, muqaddas va tabarruk zaminimizda tavallud topgan ulug‘ allomalarning hayoti va ijodi, ular qoldirgan boy va noyob
merosni o‘rganishga katta e’tibor berilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoуev tashabbuslari va rahnamoligida olib borilayotgan barcha islohotlar, reja va dasturlar, amaliy sa’y-harakatlar avvalo inson manfaati, uning tinch va farovon hayoti va orzu-umidlarining ro‘yobga oshishiga qaratilmoqda. Sohamiz xodimlari bu borada davom etayotgan ezgu ishlarga bevosita hissa qo‘shganlari holda xalq xo‘jaligining barcha soha va tarmoqlarida amalga oshirilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy islohotlar ro‘yobi yo‘lida astoydil mehnat qilmoqdalar. Mustaqillik yillarida vohamiz tarixi, ishlab chiqarish va ijtimoiy hayotning barcha sohalariga oid hujjatlarni o‘rganish, to‘plash, saqlash borasida keng miqyosdagi amaliy ishlar qilindi. Faoliyatimizda O‘zbekiston Respublikasining "Arxiv ishi to‘g‘risida"gi Qonuni talablariga muvofiq hujjatlarni jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishni samarali yo‘lga qo‘yganmiz. Barcha shahar va tumanlardagi davlat arxivlari idoralari zarur ji-hozlar bilan ta’minlangan. Yangibozor, Xiva, Xonqa tumanlarida jahon andozalari asosida yangi arxiv idoralari binolari qurildi. Har bir shahar va tumandagi arxiv idoralari binolarida jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish, tadqiqotchilar uchun o‘quv xonalari, faxriylar va bolali ayollar uchun alohida xonalar tashkil qilingan.

Yangiliklardan, jahon andazalariga javob beradigan moddiy-texnika bazasi imkoniyatlaridan keng foydalanyapmiz. Jumladan, arxiv hujjatlarini elektron sug‘urta nusxalarini yaratish uchun zamonaviy uskunalar mavjud. Barcha kompyuterlar ichki lokal aloqalar tarmog‘iga ulangan. Boshqarmamiz tizimidagi davlat arxivlari idoralarida ijro intizomi bo‘yicha tashkil qilingan nazorat guruhlarining "E-xat" himoyalangan elektron pochtasi tizimiga o‘tganligi esa ish unumdorligining oshishiga, vaqtning tejalishiga, qog‘oz sarfining kamayishiga zamin yaratmoq-da. Alohida qimmatli, matni so‘nish darajasiga borib qolayotgan hujjatlarni maxsus skaner vositalarida qayta "jonlantirish"ning yo‘lga qo‘yilganligi esa hujjatlarni uzoq muddatda, sifatli saqlashimizning muhim garovi bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining "Elektron hukumat to‘g‘risida"gi Qonuni
ijrosini ta’minlash borasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatishni yanada yaxshilash bo‘yicha
tadbirlar belgilangan. Shu asosda arxivlarda saqlanayotgan hujjatlarning elektron bazasi yaratildi, qidiruv dasturlari ishlab chiqildi. Bunga
muvofiq ushbu dasturlarga doimiy ravishda yangi qo‘shimcha ma’lumotlar o‘z vaqtida kiritib boriladi. Xodimlarimiz muntazam ravishda TATU Urganch filiali qoshidagi "Elektron o‘quv markazi"da o‘z malakalarini oshirib kelmoqdalar. Maxsus rasmiy veb-saytimiz ishlab turibdi. Unda onlayn murojaat bo‘limi ham tashkil qildik. Endilikda, bizga uzoq masofadan turib murojaat qilish, uslubiy yordam olish, umuman davlat arxivi xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish mumkin. SHuningdek, murojaatlarni davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish ham yo‘lga qo‘yildi. YAna bir muhim jarayon shundan iboratki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi "O‘zarxiv" agentligining "Evrazika" Xalqaro arxivlar kengashiga a’zo bo‘lganligi endilikda faoliyatimizni jahon talablariga mos
holda tashkil qilishimizda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Muassasamizda uzoq yillar ishlagan mehnat faxriylari bilan uchrashuvlar o‘tkazish an’anaga aylangan. Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan
faxriylarimiz bilan davra suhbati o‘tkazildi. Ma’naviyat va ma’rifat
xonasida qadrdon faxriy ustozlar hayoti va ish tajribasiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar tashkil qilingan. Shuningdek, boshqarmamiz qoshida Xorazm tarixiga oid mo‘‘jaz muzey tashkil qilganmiz. Unda vohamizning tarixi bilan birga mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar, shahar va tumanlarda qad rostlagan muhtasham inshootlar, xalqimiz turmush farovonligi borasida ro‘yobga oshayotgan ibratli ishlar haqida hikoya qiluvchi qimmatli ma’lumotlar bor. Vatanimiz ravnaqi yo‘lida halol va vijdonan, samarali mehnat qilgan aziz eldoshlarimizni mangulikka muhrlash, tarixda qoldirish bizning ham muqaddas va sharafli vazifamizdir.

Viloyatimizda arxiv ishi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan hamkasblarimiz, barcha eldoshlarimizni Xalqaro arxivlar kuni bilan samimiy qutlaymiz. Istagimiz - bizning muvaffaqiyatlarimiz ham tinch-totuvlik, farovonlik, turmushimizga qut-baraka, fayz olib kelayotgan yurtdoshlarimiz erishayotgan yutuqlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shilaversin. Yurtimizda bo‘layotgan to‘ylar, bayramlar, shodiyonalar shukuhi bizni ezgulik, bunyodkorlik, yaratish jabhalarida yanada g‘ayrat-shijoat ko‘rsatishga undayversin!

Rahimbergan MATRASULOV,

Xorazm viloyati davlat arxivi boshqarmasi boshlig‘i.


So'ngi yangiliklar