SAYLOVLARGA PUXTA TARADDUD

2019-10-20 Qaror va ijro

Matbuot anjumani

Markaziy saylov komissiyasi Xalqaro matbuot markazining Xorazm viloyati bo‘limida xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashiga saylov o‘tkazuvchi viloyat saylov komissiyasi tomonidan brifing o‘tkazildi.

Ushbu brifingda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan ommaviy axborot vositalari vakillari, xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashiga saylov o‘tkazuvchi viloyat saylov komissiyasi a’zolari ishtirok etdi.

Brifingni Markaziy saylov komissiyasi Xalqaro matbuot markazining Xorazm viloyati bo‘limi rahbari O‘.Matqurbonov boshqarib bordi.

Tadbirda xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashiga saylov o‘tkazuvchi viloyat saylov komissiyasining raisi R.Matrasulov viloyatda saylov kampaniyasining borishi, saylovlarga tayyorgarlik qizg‘in tarzda davom etayotganligi, komissiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Mamlakatimizda 2019 yilning 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga va xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga o‘tkaziladigan saylovlarga har tomonlama puxta va mas’uliyat bilan hozirlik ko‘rilmoqda.

Viloyat saylov komissiyasi mazkur siyosiy kampaniyani Saylov kodeksi talablariga to‘la rioya etgan holda o‘tkazish uchun zarur chora-tadbirlarni belgilab, ana shu asosda faoliyatini davom ettirmoqda.

Hozirgacha Saylov kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra, viloyatning ma’muriy-hududiy tuzilishi, aholi soni inobatga olinib va boshqa omillardan kelib chiqqan holda xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 60 saylov okrugi tuzildi. Saylov okruglarining ro‘yxati, ularning tartib raqami, nomi, joylashish manzili, hududiy chegaralari va saylovchilar soni ko‘rsatilgan holda "Xorazm haqiqati" va "Xorezmskaya pravda" gazetalarida e’lon qilindi.

Shuningdek, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining tavsiyasiga binoan jamoatchilikning obro‘-e’tiborli vakillari orasidan okrug saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlandi va bu haqdagi qaror, komissiyalar ro‘yxati matbuotda chop etildi.

Komissiya a’zolarini saylov qonunchiligi bo‘yicha o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, viloyat saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi, O‘zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi va Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat Kengashlariga saylovda ishtirok etishga ijozat berildi. Viloyat saylov komissiyasining bu boradagi qarori ham matbuotda chop etildi.

Aholining saylov borasidagi huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 11 oktyabrdagi qarori bilan joriy yilning 20 oktyabridan 20 noyabrigacha mamlakatimizda "Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi" e’lon qilindi.

Viloyat saylov komissiyasi tomonidan "Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi"ni samarali tashkil etish va uni o‘tkazish, fuqarolarning saylov borasidagi huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Viloyat saylov komissiyasi raisi R.Matrasulov ayni kunlarda joylarda saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi doirasida ta’lim muassasalarida, mehnat jamoalari, mahallalarda O‘zbekiston Respublikasining saylov kodeksi bo‘yicha tushuntirish, targ‘ibot ishlari olib borilayotganligini qayd etdi. Bu jarayonda viloyat saylov komissiyasi a’zolari, huquqshunoslar, ziyolilar faol ishtirok qilmoqdalar.

Brifingda viloyat saylov komissiyasi tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalar, tadbirlar to‘g‘risida jurnalistlarga to‘laqonli ma’lumot berildi.

SHuningdek, tadbir davomida jurnalistlar o‘zlarining qiziqtirayotgan savollarga javoblar olishdi.

Otaxon NAFULLAYEV.


So'ngi yangiliklar